Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Margʻilon ipaklari, adras, atlas, shoyi: koʻp asrlik madaniy merosimizda aks etgan haqiqatlar

 

 

“Yangi Oʻzbekiston: maʼrifiy–madaniy yuksalish” ekspozitsiyasi

 

Adras, atlas, shoyi... Bular shunchaki mato emas, balki asrlar davomida saqlanib kelgan millat xotirasi. Adras, atlas va shoyida yashiringan sirlardan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi hikoya qiladi.

 

Markazning “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” boʻlimida joy olgan “Yangi Oʻzbekiston: maʼrifiy–madaniy yuksalish” ekspozitsiyasi milliy oʻzlik, estetik tafakkur va hunarmandchilik anʼanalarining uzviy davomiyligini namoyon etadi. Mazkur ekspozitsiyada xalqimizning koʻp asrlik madaniy merosini oʻzida mujassam etgan milliy matolar alohida oʻrin egallaydi.

 

Ekspozitsiyada taqdim etilgan Margʻilon ipak matolari – adras, atlas va shoyi oʻzbek xalqining moddiy va maʼnaviy madaniyatida yuksak oʻringa ega boʻlish bilan birga, butunjahon sivilizatsiyasiga tuhfa etilgan bebaho boylik sifatida namoyon boʻladi. Ushbu matolar inson va tabiat uygʻunligi, sanʼat va hayot birligini ifodalab, Sharq badiiy tafakkurining teran ildizlaridan dalolat beradi.

 

 

Erkaklar choponi. Baxshillo Jumayev, Buxoro. 2025-yil. Duxoba, zarduzi, zamindo‘zi, guldo‘zi

 

Margʻilon qadimdan ipakchilik sanʼati markazi sifatida tanilgan. Bu yurt matolari nafaqat kundalik hayotda, balki bayramona va marosim liboslarida ham keng qoʻllanilib, xalqimizning estetik didi, milliy ruhi va yaratuvchanlik salohiyatini aks ettiradi. Bugungi kunda esa ushbu anʼanaviy matolar zamonaviy moda olamida ham oʻz oʻrnini topmoqda.

 

Adras matosi ip va paxtaning uygʻunlashuvidan yaratiladi. Shu bois u nafislik bilan birga mustahkamligi bilan ham qadrlanadi. Ekspozitsiyada namoyish etilgan adras naqshlari tabiat manzaralari, islomiy geometrik shakllar va oʻzbekona ramzlardan ilhomlanib yaratilgan.

 

Har bir rang ohangi oʻziga xos maʼno kasb etadi: yashil rang – tabiat va yangilanishni, qizil – muhabbat va joʻshqinlikni, koʻk – osmon va ruhiy poklikni ifodalaydi. Adras matosi orqali xalqimizning hayot falsafasi, quvonch va orzulari badiiy ifoda topadi. Bugun ham adras milliy liboslarda va zamonaviy dizayn yechimlarida oʻz dolzarbligini saqlab kelmoqda.

 

 

Ipak matolari installyatsiyasi: Shoyi mato, Margʻilon. Xon-atlas, Fargʻona. Shoyi mato, Margʻilon

 

Margʻilon ipakchilik sanʼatining eng goʻzal namunalaridan biri boʻlgan atlas oʻzining jilosi, yumshoqligi va ranglarning betakror uygʻunligi bilan ajralib turadi. Qadimda u malikalar, begoyimlar va zodagonlar liboslariga bezak boʻlib xizmat qilgan.

 

«Atlas» soʻzining oʻzi ham noziklik va goʻzallik maʼnosini anglatadi. Sof ipak tolalaridan toʻqilgan bu mato rang-barang naqshlari orqali xalqimizning orzu-intilishlari, samimiyati va sanʼatga boʻlgan cheksiz muhabbatini mujassam etadi.

 

Shoyi matosi sof ipak tolalaridan toʻqilib, oʻzining nozikligi, yengilligi va salqinligi bilan ajralib turadi. Asrlar davomida shoyi bayramona liboslarda, toʻy marosimlarida va eng ulugʻ ayyomlarda keng qoʻllanilgan. U nafaqat liboslarda, balki ichki bezak sanʼatida ham muhim oʻrin tutgan. 

 

Ekspozitsiyada namoyish etilgan shoyi matolari nafis jilo va tabiiylik uygʻunligini oʻzida mujassam etib, insoniyat madaniy merosining bebaho namunalaridan biri sifatida namoyon boʻladi.

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.