Turkiyalik delegatsiya: “Bu yerda islom sivilizatsiyasining buyuk merosi mujassam”

Turkiya Respublikasidan qurilish sohasi boʻyicha mutaxassislar delegatsiyasi vakili Turkiyalik tadbirkor Atilla Kurshat Dikchining soʻzlariga koʻra, Qurʼon zalida namoyish etilgan Hazrati Usmon mushafi islom sivilizatsiyasining buyuk maʼnaviy merosini yorqin aks ettiradi.
Turkiya Respublikasidan qurilish sohasi boʻyicha mutaxassislar delegatsiyasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari markaz hududida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, turli tarixiy davrlarni qamrab olgan ekspozitsiyalar hamda ilgʻor texnologiyalar asosida tashkil etilgan koʻrgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va maʼnaviy merosi markazda tizimli, tushunarli va zamonaviy uslubda yoritilganini yuqori baholadilar.
Delegatsiya vakillarida, ayniqsa, Qurʼon zali katta qiziqish uygʻotdi. Ushbu boʻlimda namoyish etilayotgan islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri — Hazrati Usmon mushafi mehmonlarda chuqur maʼnaviy va ilmiy taassurot qoldirdi. Ular muqaddas qoʻlyozmaning tarixiy ahamiyati hamda ekspozitsiyada taqdim etilish uslubini alohida eʼtirof etdilar.
Turkiyalik tadbirkor Atilla Kurshat Dikchi markaz haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, Islom sivilizatsiyasi markazi yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Qurʼon zalida namoyish etilgan Hazrati Usmon mushafi islom sivilizatsiyasining buyuk maʼnaviy merosini yorqin aks ettiradi.
Bu markaz juda puxta va yuqori saviyada tashkil etilgan. Ayniqsa, Qurʼon zalida namoyish etilgan Hazrati Usmon mushafi meni chuqur hayratga soldi. Bu yerda islom sivilizatsiyasining buyuk merosi aniq va ravon tarzda namoyon etilgan. Markaz bilan tanishar ekanman, kelgusida oilam bilan yana kelib, uni batafsilroq koʻrishni rejalashtirdim, – turkiyalik tadbirkor.
Shuningdek, delegatsiya aʼzosi Juneyt Unal Oʻzbekistonning qadimiy tarixi markaz ekspozitsiyalarida izchil va ravshan tarzda yoritilganini qayd etib, bunday muzeylar oʻtmish bilan kelajak oʻrtasida muhim maʼnaviy-maʼrifiy bogʻliqlikni taʼminlashini taʼkidladi.
Oʻzbekiston juda qadimiy tarixga ega davlat. Bu yerda tarixiy davrlar izchil va tushunarli tarzda yoritilgan. Bunday muzeylar oʻtmishni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu markaz ham tarix va bugungi kun oʻrtasida muhim ilmiy-maʼrifiy bogʻliqlikni yaratadi, – delegatsiya aʼzosi Juneyt Unal.
Turkiyalik mutaxassislar fikricha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmun, ilmiy yondashuv va zamonaviy taqdimot uslubi jihatidan xalqaro miqyosda alohida eʼtiborga loyiq. Ayniqsa, Qurʼon zali va unda saqlanayotgan Hazrati Usmon mushafi markazning maʼnaviy hamda sivilizatsion ahamiyatini yanada yuksaltiradi.





