Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari yana bir bor nufuzli xorijiy mehmonlarni cheksiz hayratga soldi

26 yanvar kuni Toshkentda boʻlib oʻtadigan Osiyo Olimpiya Kengashi 46-Bosh Assambleyasi doirasida Markaziy Osiyo tarixini, islom sivilizatsiyasining ilmiy va maʼnaviy merosini jahonga namoyon etuvchi muhim tashrif amalga oshirildi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi vakillari hamrohligida Osiyo Olimpiya Kengashi rahbariyati va qator xalqaro nufuzli mehmonlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib, uning ekspozitsiyalari orqali tarix, ilm-fan va zamonaviy innovatsiyalar uygʻunligining yorqin namunasiga guvoh boʻldilar.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi boshchiligida tashrif buyurgan Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) Ijroqoʻm aʼzolari, xususan, OOK Bosh va texnik direktori, World Aquatics Prezidenti Xusayn Al Musallam, Sharqiy Osiyo boʻyicha OOK Birinchi vitse-prezidenti Timoti Sun Ting Fok, OOKning Faxriy Ijroiya qoʻmita aʼzosi, Bruney Darussalam MOQ Prezidenti Shahzoda Xaji Sufri Bolkiax hazrati oliylari, shuningdek, AQSh Prezidentining Global sheriklik boʻyicha Maxsus vakili Paolo Zampoli kabi martabali mehmonlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. Nufuzli mehmonlardan iborat delegatsiya uchun bu tashrif oddiy ekskursiya emas, balki asrlar osha ilm va tafakkur sayohatiga aylandi.
Martabali mehmonlar, eng avvalo, Markazning Birinchi va Ikkinchi Renessans davri, Xorazmiy, Fargʻoniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, maʼrifatparvar jadidlar siymolari aks etgan 14 ta ravoqdan iborat “Shon-sharaf zali” ekspozitsiyasi bilan tanishtirildi.
Markaz muzeyining Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasidagi qadimgi Xorazm, Soʻgʻd va Baqtriya madaniyati, “Avesto” merosi, arxeologik topilmalar va qadimgi davlatchilik anʼanalari bilan tanishuv esa Markaziy Osiyo hududida islomdan oldin ham yuksak madaniyat va ilmiy muhit mavjud boʻlgani haqida kengroq tasavvur uygʻotdi. Ayniqsa, ekspozitsiyadagi asl artefaktlar, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dagi interaktiv kontentlar, qadimgi shahar manzilgohlari maketlarining oyna ostida noodatiy taqdim etilgani mehmonlarni juda qiziqtirdi.
“Buyuk ipak yoʻli xaritasi” ekspozitsiyasini tomosha qilar ekan, Oʻzbekiston ushbu tarixiy savdo yoʻli chorrahasida joylashgani uning tarixda ham, bugun ham keng rivojlanishiga asos boʻlganini taʼkidlashdi.
Martabali mehmonlar muzeyning Birinchi Renessans davri boʻlimida IX–XII asrlarda Muhammad al-Xorazmiyning raqamlar olamiga ochgan eshigi, Abu Rayhon Beruniyning koinotga qaratilgan nazarlari, Ibn Sinoning inson aqli va tabiatga oid ilmiy qarashlari zamonaviy muzey texnologiyalari orqali jonlantirilganiga guvoh boʻlishdi. Ushbu ekspozitsiya har bir tashrif buyuruvchiga Markaziy Osiyo zaminida ilm-fan qanday qilib jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismiga aylanganini his ettirdi.
Ayniqsa, Birinchi Renessans ekspozitsiyasida namoyish etilgan Kaʼbapoʻsh haqiqatan ham asl ekanligi va Markazga taqdim etilgani mehmonlarning hayratiga sabab boʻldi. Ushbu boʻlimdagi Imom Buxoriy kapsulasida mehmonlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga toʻlaqonli javob olishdi. Taqdim etilgan maʼlumotlar esa ularni yanada ushbu muhaddis shaxsiga qiziqtirib qoʻydi.
Shuningdek, Samarqand qogʻozi bilan tanisharkan, 1000 yillar avval ham shu qadar yuqori sifatda ishlab chiqilganiga katta qiziqish bildirishdi.
“Ikkinchi Renessans” boʻlimida esa mehmonlarni Temuriylar davrining maʼnaviy qudrati bilan yuzma-yuz keltirdi. Amir Temur davlatida ilm, sanʼat va meʼmorchilikning davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani, Samarqand va Hirotning ilmiy markazga aylangani, xattotlik va miniatyura sanʼatining yuksak namunalari bu yerda yaqqol namoyon etildi. Mehmonlar qoʻlyozmalar, meʼmoriy maketlar va vizual installyatsiyalar orqali tarixni shunchaki tomosha qilishmadi, balki uni his etishdi.
AQSh Prezidentining global sherikliklar boʻyicha maxsus vakili Paolo Zampolli, OOK Bosh va texnik direktori, World Aquatics Prezidenti Xusayn Al Musallam ushbu boʻlimdagi Amir Temur kutubxonasi ekspozitsiyasida joylashtirilgan shaxmat taxtasi ustida dona surishganini tashrifning kulminatsion jarayonlaridan biri, deyish mumkin.
Mehmonlar Markaz binosining ikkinchi qavatidagi 226 oʻringa moʻljallangan va bir vaqtning oʻzida 286 kishiga xizmat koʻrsata oladigan Yangi Oʻzbekiston innovatsion kutubxonasi bilan ham tanishdi. AQSh Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli kitob fondi 350 ming bosma kitob sigʻimiga ega kutubxonada AQSh kutubxona boʻlimi ochilishini taklif etdi.
“Yangi Oʻzbekiston Yangi Renessans poydevori” boʻlimida mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi Oʻzbekistonning soʻnggi 10 yillik taraqqiyot bosqichlari, xalqaro aloqalari, hamkorlik munosabatlari aks ettirilgan maxsus videorolik bilan qarshi olindi. Ushbu boʻlim ekspozitsiyalarining koʻpgina innovatsion loyihalardan iboratligi mehmonlarda katta taassurot uygʻotdi. AQSh Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli tashrif davomida ushbu boʻlimdagi xalqaro aloqalar ekspozitsiyasiga AQSh Konstitutsiyasi kitobini tuhfa qildi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari nodir Usmon Mushafi joylashtirilgan, Qurʼon nusxalarining nodir qoʻlyozmalari, qadimiy kitobat anʼanalari, islomiy kitob madaniyati va xattotlik sanʼatining rivoji namoyish etilgan “Qurʼoni karim zali” bilan ham tanishdilar. Mehmonlar ushbu zal markazida joylashtirilgan nodir Usmon Mushafining YuNESKO “Jahon merosi” roʻyxatiga kiritilganini yuqori baholab, muhim ishonchli manba ekanligini eʼtirof etishdi. Bu ham Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusining samarali natijasidir.
Paolo Zampolli, AQSh Prezidentining maxsus vakili:
Eng avvalo, ushbu Islom sivilizatsiyasi markaziga oldindan tashrif buyurish imkonini bergani uchun janob Prezidentga samimiy minnatdorlik bildiraman. Bu markaz haqiqatan ham ajoyib va beqiyos loyiha. Men sentabr oyida kelgan edim va bugun muqaddas kitob yonida turish sharafiga ham ega boʻldim.
Oxirgi uch oy ichida AQSh va Oʻzbekiston Prezidentlari oʻrtasidagi munosabatlar juda yuqori surʼatda rivojlanmoqda. Prezidentlar bir necha oy ichida uch marta uchrashdi, bu esa juda katta yutuq.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Shvetsariyaning Davos shahrida davlat rahbarlari uchrashuvida ishtirok etganmiz. Oʻzbekistonda sport sohasi ham jadal rivojlanmoqda, toʻgʻri yoʻldan bormoqda. Bu haqiqatan ham yangi Renessans davri. Yana bir bor tabriklayman. Birgalikda ishlashda davom etaylik va AQSh hamda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaylik. Oʻzbekistonni oltin davr sari yana buyuk qilaylik. Oʻzbekistonga FIFA Jahon chempionati yoʻlida omad tilayman.
Timoti Sun Ting Fok, Sharqiy Osiyo boʻyicha OOK Birinchi vitse-prezidenti:
Avvalo, ushbu anjumanni goʻzal Toshkent shahrida tashkil etganingiz va mamlakatingizga tashrif buyurish imkonini berganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda kuchli taassurot qoldirdi. Bu yerda Oʻzbekistonning boy tarixi, ilm-fan, tibbiyot va madaniyatga qoʻshgan ulkan hissasi yaqqol namoyon etilgan.
Muzey oʻtmish va bugunni uzviy bogʻlab, qadimiy sivilizatsiyadan zamonaviy va dadil rivojlanayotgan davlat sari olib borilayotgan yoʻlni aniq koʻrsatadi. Ayniqsa, Buyuk Ipak yoʻli mavzusi va ajdodlar hayot tarzi aks etgan boʻlimlar alohida qiziqish uygʻotdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan bunday yirik loyiha xalqaro miqyosda ham juda yuqori bahoga loyiq. Bu markaz nafaqat tarixiy bilimlar maskani, balki xalqlarni yaqinlashtiruvchi, oʻzaro tushunishni mustahkamlovchi makondir.
Shuningdek, Oʻzbekistonda sport sohasiga berilayotgan katta eʼtibor va zamonaviy infratuzilma yosh avlod uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Sport sogʻlom turmush tarzi bilan birga birdamlik va hamkorlikni ham mustahkamlaydi.
Men Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti sifatida Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarini yuksak baholayman va kelgusida hamkorlik yanada kengayishiga ishonaman.
Husayn Al-Musallam, World Aquatics xalqaro tashkiloti prezidenti:
Toshkent shahridagi ushbu goʻzal Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlishdan juda mamnunman. Dunyoning besh qitʼasidan kelgan hamkasblarim bilan birga tashrif buyurdik. Biz Oʻzbekistonning 3000 yillik boy tarixi va sivilizatsiyasi qanday uygʻun va chiroyli tarzda namoyon etilganidan katta taassurot oldik. Barcha davrlar oʻzaro bogʻliq holda juda puxta va taʼsirli tarzda taqdim etilgan. Sizni bu yerdagi yutuqlar bilan tabriklayman. Bu haqiqatan ham katta yutuq. Kelasi yil noyabr oyida Toshkentda suzish boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Dunyoning barcha chempionlari bu yerga tashrif buyurib, ushbu muzeyni ham tomosha qilishadi.
Hoji Hojiyev, Qozogʻiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti:
Prezidentingiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markaz haqidagi taassurotlarim nihoyatda ijobiy. Bu maskan anʼana va tarixni asrab-avaylash yoʻlidagi ulkan va beqiyos tashabbusdir. Shunday muhim qaror uchun hurmatli Prezidentingizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Bu markazning ahamiyati shundaki, u nafaqat xorijiy mehmonlar uchun, balki eng avvalo yosh avlod uchun xizmat qiladi. Yoshlar oʻz ildizlarini, tarixini bilishi, uni his qilishi nihoyatda muhim. Agar tarixni koʻrish, his etish imkoniyati yaratilsa, yoshlarda oʻz oʻtmishiga nisbatan hurmat va minnatdorlik tuygʻusi shakllanadi. Bu shunchaki soʻz bilan emas, balki tarixning amalda namoyon etilishi orqali amalga oshadi.
Maktabda, oilada beriladigan tarbiya bilan bir qatorda, mana shunday markazlar yoshlar ongida tarixga boʻlgan munosabatni yanada mustahkamlaydi. Ular oʻz xalqining buyuk tarixga ega ekanini faqat eshitibgina qolmay, uni koʻz bilan koʻrib, qalban his qiladi. Bu esa nihoyatda katta tarbiyaviy va maʼnaviy ahamiyatga ega.
Shu bois, Prezidentingizga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Chunki bu yerda faqat Oʻzbekiston tarixi emas, balki butun Markaziy Osiyo, Buyuk Ipak yoʻli tarixining muhim sahifalari ham oʻz aksini topgan. Ochigʻini aytganda, bunday keng qamrovli va mukammal majmua Markaziy Osiyo hududida deyarli mavjud emas.
Ayniqsa, islomdan avvalgi va islomdan keyingi davrlarni bir butun holda namoyish etish — juda qatʼiy va jasoratli qarordir. Shuningdek, tarixiy artefaktlarni vatanga qaytarish ishlari boshlanganini alohida eʼtirof etish lozim. Bu xalqingizga oʻz tarixini koʻrish, his qilish, buyuk davlat va buyuk xalq tarixining qanday shakllanganini anglash imkonini beradi.
Bunday tashabbuslar milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash va kelajak avlodni buyuk oʻtmish ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega.
Viktor Husarman, World Aquatics kompaniyasi prezidenti maslahatchisi:
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif menda juda katta taassurot qoldirdi. Menimcha, dunyoda bunday markaz yoʻq. Koʻplab mamlakatlarda boʻlganman, jumladan, islom dinining ildizlari shakllangan Yamanda ham boʻlganman, u yerda ajoyib masjidlar va islomga oid koʻplab tarixiy yodgorliklarni koʻrdim. Biroq ushbu markaz mutlaqo betakror va yagona. Bu yerda nafaqat islom tarixi, balki Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid ulkan va qimmatli kolleksiya jamlangan. Shu bois, men juda katta taassurot oldim.
Oʻzbekiston sport sohasida ham soʻnggi yillarda katta yutuqlarga erishdi. Parij Olimpiadasida qoʻlga kiritilgan sakkizta oltin medal mamlakatning sport salohiyati yuqori ekanini koʻrsatdi. Medallarning asosiy qismi yakkakurash va jang sanʼatlari sport turlariga toʻgʻri keldi. Bugun Suv sportlari markazi barpo etilayotgani mamlakatning boshqa sport yoʻnalishlariga ham ochilayotganini anglatadi. Prezident va Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati bilan birgalikda yangi iqtidorlarni tarbiyalash, ularni nafaqat Toshkentda, balki butun mamlakat boʻylab kashf etish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Sport va madaniyat bugungi kunda dunyodagi qarama-qarshiliklar fonida umumiy til vazifasini oʻtaydi. Madaniyat turli xalqlar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi, tarixiy ildizlar va yodgorliklarni namoyon etish orqali insonlarni yaqinlashtiradi. Mening tushunishimcha koʻra, har yili maxsus ishchi guruh dunyo boʻylab tarixiy yodgorliklar va ildizlarni topib, ularni Oʻzbekistonga qaytarish va ushbu markazda namoyon etishga harakat qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu tashabbuslari barchamiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Sport ham shunday universal va tinchlikka xizmat qiluvchi platforma boʻlib, turli davlatlarni birlashtiradi.
Osiyo Olimpiya Kengashi doirasida ham Oʻzbekiston juda faol oʻrin tutmoqda. 2029 yilda Osiyo yoshlar oʻyinlariga mezbonlik qilish rejalashtirilgani mamlakatning nafaqat oʻz rivojiga, balki butun mintaqaviy va jahon sport hamjamiyatiga qoʻshayotgan hissasini koʻrsatadi.
Markazdagi eksponatlar ham menda katta qiziqish uygʻotdi. Masalan, avval Hindistondan kelib chiqqan deb hisoblangan shaxmatning 400 yil avvalgi namunasi aslida Oʻzbekistonda paydo boʻlgani haqida maʼlumot oldim. Bu men uchun yangi va qiziq fakt boʻldi. Shuningdek, Qurʼondan keyin X asrda yaratilgan, islom dunyosiga oid maʼlumotlarni jamlagan kitob haqida ham bilib oldim. Bu — juda katta madaniy va ilmiy yutuqlar. Shu sababli bu yerda toʻplangan artefaktlar meni juda hayratlantirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishuv ushbu maskanning faqat muzey emas, balki tarix, ilm va kelajakni bogʻlab turuvchi intellektual maydon ekanini yana bir bor namoyon etdi. Ushbu tashrif sport diplomatiyasi bilan bir qatorda madaniy-maʼrifiy muloqot ham qanchalik muhim ekanini koʻrsatib berdi.














