“Islomning haqqoniy mohiyatini anglatuvchi muzey” – Shri-Lankalik delegatsiya taassurotlari

Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasi doirasida Oʻzbekistonda boʻlib turgan Shri-Lanka Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi hamda uning yordamchisi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaz majmuasi boʻylab amalga oshirilgan ekskursiya davomida uning puxta rejalashtirilgani, ilmiy asoslangan ekspozitsiyalarini yuqori baholadilar. Tashrif chogʻida delegatsiya aʼzolari “Islomdan avvalgi davr” boʻlimi hamda Qurʼoni Karim zallarida taqdim etilgan eksponatlar bilan batafsil tanishdilar.
Ayniqsa, miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid bugʻu haykalining asl nusxasi, Sugʻd matolari toʻplami mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ushbu artefaktlar orqali Markaziy Osiyo hududida shakllangan qadimiy madaniyat va badiiy tafakkur uzviy tarixiy jarayon sifatida namoyon etilgani taʼkidlandi.
Rifdi Faxmi, Shri-Lanka Milliy Olimpiya qoʻmitasining Bosh kotibi:
“Bu maskan kelajak avlodlarni boshqacha fikrlashga undashiga, islomofobiya kabi notoʻgʻri qarashlarni butunlay yoʻq qilishga va dunyoga islomning asl, haqqoniy mohiyatini yetkazishga xizmat qilishiga umid qilaman.
Menga dunyodagi eng qadimiy Qurʼon nusxalaridan birini shaxsan koʻrish va u bilan yaqindan tanishish imkoniyati nasib etdi. Bu juda katta sharaf. Musulmon sifatida bundan shukronalik hissini tuyaman hamda bu imkoniyatni bergani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytaman.
Bu joyni oʻz koʻzing bilan koʻrish, Qurʼon xattotligi, turli yozuv uslublari va uni asrab-avaylash yoʻlida sarflangan ulkan mehnat haqida bilish — juda noyob tajriba boʻldi. Shuningdek, bezaklar, naqshlar va bezaklarning har biri oʻziga xos boʻlib, dunyoning turli hududlaridan keltirilgani meni hayratga soldi.”
Shuningdek, mehmonlar Markazning zamonaviy ekspozitsion yechimlariga eʼtibor qaratdi. Taʼkidlashlaricha, raqamli texnologiyalar, avatarlar va innovatsion vizual yondashuvlar tarixiy materialni tomoshabinga «yaqinlashtirgan» hamda uni statik ekspozitsiyadan jonli bilim maydoniga aylantirgan.
Delegatsiya aʼzolari Markazda toʻplangan tajriba ular uchun unutilmas boʻlganini bildirib, bunday loyihalarning global miqyosda keng tanitilishiga tilak bildirdilar.






