Ijod ahli uchun ilhombaxsh maskan

Soʻz va tafakkur sivilizatsiyaning eng mustahkam tayanchlaridan biridir. Adabiyot esa asrlar davomida jamiyat xotirasi, maʼnaviy dunyosi va ruhiy qiyofasini shakllantirib kelgan. Shu maʼnoda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm va maʼrifat bilan bir qatorda badiiy fikr taraqqiyotini ham mujassam etgan noyob makon sifatida eʼtiborga sazovor. Ana shu maʼnaviy muhit bilan yaqindan tanishish maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Delegatsiyani Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib olib, Prezidentimiz muallifligi asosida bunyod etilgan Markazning qurilish jarayonlaridan tortib gʻoyasi va mazmuni, maqsadi haqida batafsil maʼlumot berdi.
Tashrif davomida ijod ahli Markaz muzeyining asosiy ekspozitsiyalari, jumladan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bagʻishlangan boʻlimlar, qoʻlyozmalar va yozma manbalar, islom maʼnaviyati hamda ilmiy merosni aks ettiruvchi eksponatlar bilan tanishdilar. Yozuvchilar taʼkidlashicha, mazkur ekspozitsiyalar orqali bu zaminda soʻz, ilm va tafakkurning asrlar davomida uzviy rivojlanib kelganini yaqqol his etish mumkin.
Ayniqsa, qadimiy qoʻlyozmalar, mutafakkirlar asarlari va maʼrifat anʼanalarini yorituvchi boʻlimlar ijodkorlarda chuqur taassurot qoldirdi. Ularning fikricha, ushbu meros bugungi adabiy jarayonlar uchun ham ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasining raisi:
Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi Yangi Oʻzbekistonning bosh meʼmori boʻlgan Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan, tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan muazzam maskandir. Bu zamin Hazrati Navoiy, Jomiy, Vosifiy singari buyuk allomalar bilan bogʻliq muqaddas makondir. Ularning merosi, ilmiy va maʼnaviy izlari bu yerda oʻz aksini topgan.
Oʻzbekiston — ona Vatanimiz tarixi qatlam-qatlam davrlar va evrilishlardan iborat ulkan merosdir. Biz hozirgina qisqa fursatda ushbu tarixning faqat bir qatlamiga, hatto bir yoʻlagiga nazar tashlaganimizning oʻzi chuqur taassurot qoldirdi. Shu bois, bu maskanda goʻyo oʻzimiz ham oʻz tariximizning mehmoniga aylangandek boʻldik. Markazga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar, xususan, Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi ishtirokchilarining hayrat va hayajoni esa kishida alohida faxr uygʻotadi. Chunki bu yerda namoyon etilayotgan boyliklar — tariximizning hali mingdan bir qismidir, xolos. Dunyoning turli muzeylari, kutubxonalari va nodir fondlarida bizga tegishli qoʻlyozmalar va tarixiy ashyolar saqlanmoqda. Shubhasiz, ular vaqt-soati kelib oʻz yurtiga qaytadi.Ammo eng muhim masala — ana shu ulkan tarixga munosib avlodni tarbiyalashdir. Bu barchamizning: ota-onalar, ustozlar, jamiyat zimmasidagi muqaddas vazifadir. Yoshlar kimning farzandi ekanini, qayerdan kelib, qayoqqa borayotganini anglab yetishi, bilim va kitob bilan ulgʻayishi lozim. Bolaga yoʻl-yoʻriq koʻrsatilsa, u oʻz yoʻlini topadi. Hazrati Bobur bejiz “Yoʻlni qaydin yoʻlchi topar, rahnamo koʻrsatmasa”, demagan.
Bugun oilada ota-ona, maktabda ustoz, jamiyatda mahalla tarbiya masʼuliyatini birgalikda zimmasiga olmoqda. Bu nazorat emas, balki fikrni charxlaydigan, kitobga, ilmga, tafakkurga yetaklaydigan muhit yaratishdir. Chunki bunday teran tarix har qanday xalqda ham mavjud emas. Erkin Vohidov aytganidek: “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, oʻzbegim”. Ana shu ming asrlik tarixning tirik guvohlarini biz bu yerda yaqqol koʻrdik.
Bugungi meʼmorchilik, naqsh, naqqoshlik va miniatyura sanʼati yutuqlari bilan bunyod etilgan ushbu markazni faqat tabriklash, koʻrish, anglash va oʻrganish mumkin. Chunki Vatanini bilgan, tarixini anglagan inson uni hech qachon sotmaydi.
Minhojiddin Mirzo, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari:
Haqiqatan ham, bugungi dunyo oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — maʼrifatdir. Chunki aynan maʼrifat bor joyda ilm boʻladi, ilm bor joyda yuksak maʼnaviyat shakllanadi, tarix anglanadi, bagʻrikenglik qaror topadi. Faqat ana shunday muhitdagina insoniyat oʻz baxti, kelgusi avlodlar taqdiri uchun tinch, farovon va hamjihat olamni barpo etishi mumkin.
Dunyoda muzeylar koʻp, oʻtmish haqida soʻzlovchi maskanlar ham bisyor. Ammo Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy mohiyati mutlaqo oʻziga xos. Bu yerda muqaddas islom dini ruhida kamol topgan olimu ulamolar, davlat arboblari, hunarmandlar, ijod ahli va ilm-fan sohiblarining faoliyati, eng avvalo, insoniyat baxti va taraqqiyotiga qaratilgani yaqqol namoyon etiladi. Ular yaratgan ilm-fan nafaqat shu hudud, balki butun dunyo ravnaqiga xizmat qilgan.Agar bu gʻoyani Prezident taʼbiri bilan ikki soʻzda ifoda etsak, bu — jaholat ustidan maʼrifatning ustuvorligi demakdir. Ana shu ruh muzeyni boshidan oxirigacha qamrab olgan: har bir eksponat, har bir ekspozitsiya inson qalbiga maʼrifat nuri, maʼrifatga daʼvat ulashib turadi. Shu jihatdan bu maskanning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos.
Bu yerda faqat bir millat yoki muayyan hudud tarixi emas, balki asrlar davomida insoniyatga ezgu neʼmat qoldirgan ulugʻ zotlar merosi, ularning ilmi va tafakkuri qanday qilib bashariyat kamoliga xizmat qilgani haqida soʻz boradi. Bu meros qanday maktab, qanday dorulfunun boʻlib kelgani haqida chuqur mushohada qilish imkoni yaratiladi.
Men bu yerga, adashmasam, uchinchi marta kelyapman. Ilk tashrifimda bir bosqich bilim olgan boʻlsam, keyingi safar yana boshqa qirralar ochildi. Bugun esa bu maskandan mutlaqo yangi tafakkur, yangi dunyoqarash, yangi ruh va eng muhimi, qalbimda yangi maqsad bilan chiqib ketyapman. Ana shu maqsad insonni ezgulikka, bunyodkorlikka yetaklaydi. Ana shu maqsad bizga hamisha jaholat ustidan maʼrifat ustuvor boʻlishi yoʻlida xizmat qilish masʼuliyatini yuklaydi.
Muhammad Ali, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi:
Men bu yerda yaqinda boʻlib oʻtgan katta yigʻilishlar sabab uch kun ketma-ket keldim. Lekin uch kunda bu markazni toʻliq anglab boʻlmas ekan. Buni kunlab, oylab kelib oʻrganish kerak. Chunki bu juda ulkan xazina. Men oʻzim tarix oʻqiyman, asarlar yozaman, ammo tariximiz shunchalik boy ekanini tasavvur ham qilmagan ekanman. Rostdan ham hayratdaman.
Oʻylab qoldim: agar ilgariroq shunday markaz boʻlganida, asarlarim yanada chuqurroq chiqar edi. Bu mubolagʻa emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida juda buyuk ish amalga oshirilgan. Bu bino Amir Temur bobomiz aytgan “Qudratimizga shubha qilganlar, biz qurgan binolarga boqsinlar” degan soʻzlarning yaqqol isbotidir.Bu markaz tariximiz va madaniyatimizni butun dunyoga koʻrsatadigan, gʻurur va haybat uygʻotadigan ulugʻ maskandir. Hali bu faqat boshlanishi. Kelajak avlodlar buni koʻrib faxrlanadi. Shu ishga hissa qoʻshgan barcha olimlar va ziyolilarga minnatdorchilik bildiraman. Biz tariximiz borligini nafaqat aytdik, balki koʻrsatib ham qoʻydik.
Tashrif yakunida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat tarixiy-maʼrifiy muassasa, balki adabiyot, tafakkur va ijod uchun ilhom bagʻishlaydigan muhim maʼnaviy makon sifatida baholadilar.









