Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Amir Temur Yevropada qanday qahramonga aylangan?

 

Amir Temur faqat sarkardami? Yevropa olimlari uni qanday baholagan? Buyuk sohibqiron shaxsiyati Yevropa tafakkurida qanday shakllangan? Bu savollarga Prezident Shavkat Mirziyoyev muallifligida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida taqdim etilayotgan noyob manbalar javob beradi.


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur shaxsiyatiga bagʻishlangan maxsus boʻlim tashkil etilgan. Unda Temur davlati, uning siyosiy merosi va jahon tarixidagi oʻrnini yorituvchi nodir qoʻlyozmalar, tarixiy nashrlar hamda Yevropa ilmiy va adabiy muhitida Sohibqiron obrazining shakllanishiga oid muhim manbalar namoyish etilgan.


Ekspozitsiyaning mazkur qismi nafaqat milliy tarix, balki Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalari oʻrtasidagi intellektual aloqalar tarixini namoyon etuvchi benazir ilmiy manba sifatida ham ahamiyatlidir. Chunki Amir Temur shaxsiyati Yevropada ham katta qiziqish uygʻotgan va asrlar davomida tarixchilar, yozuvchilar hamda mutafakkirlarning diqqat markazida boʻlib kelgan.

 

 

“Temur tuzuklari”: davlatchilik konsepsiyasining Yevropa nashri

 

Markaz muzey ekspozitsiyasining Ikkinchi Renessans davri boʻlimida joylashtirilgan koʻrgazma oynasida “Temur tuzuklari” asarining Buyuk Britaniyada 1783 yilda Mayor Devi va professor Jozef Uayt tomonidan nashr etilgan ingliz tilidagi nusxasi oʻrin olgan. 


“Temur tuzuklari” dunyodagi mashhur hukmdorlar tomonidan kelajak avlodlarga qoldirilgan siyosiy-huquqiy meroslar orasida alohida oʻrin tutadi. Bu asar oddiy qonunlar toʻplami emas, balki Amir Temurning davlat boshqaruvi, siyosiy strategiya va huquqiy dunyoqarashini aks ettirgan original davlatchilik konsepsiyasidir.


Asarda davlat boshqaruvi tizimi, amir va vazirlarni tanlash mezonlari, adolatli siyosat yuritish tamoyillari, soliq va moliya siyosati, shuningdek, davlat xavfsizligini taʼminlash masalalari batafsil yoritilgan. Yevropa oʻquvchilari mazkur asar orqali Temurni faqat zabardast sarkarda emas, balki davlat qurilishi nazariyasini ishlab chiqqan mutafakkir sifatida tanish imkoniga ega boʻlgan.


Jozef Uayt tarjimasi orqali “Temur tuzuklari” Gʻarbdagi sharqshunoslik fanining rivojlanishiga katta turtki bergan va Temur davlatchilik maktabini Yevropa ilmiy muhitiga tanitgan.

 

“Buyuk Temur hayoti”: ilk tarixiy tadqiqotlardan biri

 

Ekspozitsiyada Yevropada Amir Temur haqida yozilgan ilk tarixiy tadqiqotlardan biri — Petro Perondinoning “Buyuk Temur hayoti” asari ham namoyish etilgan. Asar 1553 yil Florensiyada lotin tilida nashr etilgan.


Perondino oʻz asarida Amir Temurning hayoti, harbiy yurishlari va davlat boshqaruvidagi yutuqlarini yoritib, uning Sharq va Gʻarb oʻrtasi munosabatlardagi oʻrnini alohida taʼkidlaydi. Muallif Temurning strategik qarorlari, davlat qurilishidagi islohotlari va geosiyosiy siyosatini Yevropa oʻquvchilariga ilk bor ilmiy asosda taqdim etgan.


Bu asar oʻrta asr Yevropasida Amir Temur imperiyasiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirgan va Gʻarb jamoatchiligida Temur haqida ilmiy tasavvurlar shakllanishida muhim rol oʻynagan.

 

 

Tarixiy dramaning markaziy qahramoni

 

Ekspozitsiyada ingliz yozuvchisi Charlz Sandersning 1681 yil Londonda nashr etilgan “Buyuk Temur” tragediyasi ham oʻrin olgan. Ushbu adabiy asar Amir Temur hayoti va faoliyatini dramatik ruhda tasvirlab, uning shaxsiy xarakteri, harbiy yutuqlari va ichki ziddiyatlarini badiiy obraz sifatida yoritadi.

 

Sanders Temurni nafaqat zabardast qoʻmondon, balki murakkab shaxs, buyuk rahbar va tarixiy dramaning markaziy qahramoni sifatida tasvirlaydi. Tragediya Yevropa teatr sanʼatida Sharq hukmdorlari obrazini shakllantirgan muhim adabiy manbalardan biri boʻlib, Temur shaxsiyatini Gʻarb tomoshabiniga yanada yaqinlashtirgan.

 

“Zafarnoma”  fransuz tilida

 

Koʻrgazmali oynada Sharafiddin Ali Yazdiyning mashhur “Zafarnoma” asarining 1723 yilda Delft shahrida fransuz tilida nashr etilgan “Temurbek tarixi” nomli tarjimasi ham namoyish etilgan.


Bu asar Temurdan oldingi davr tarixi haqidagi asosli maʼlumotlar va Amir Temur davri voqealarini qamrab olgan boʻlib, ikki qismdan iborat. Muallif asarni Shohrux Mirzoning oʻgʻli Ibrohim Sulton tashabbusi bilan yozganini taʼkidlaydi.


“Zafarnoma” Yevropa tarixchilari uchun Temur davrini oʻrganishda asosiy manbalardan biriga aylangan va Sharq tarixiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirgan.

 

 

XVIII asr Yevropa tarixshunosligida muhim manbalardan biri

 

Markaz ekspozitsiyasida fransuz tarixchisi Jan-Batist Marga de Tillining 1739 yil Parijda nashr etilgan “Temur tarixi” asari ham oʻrin olgan. Ushbu kitobda Amir Temurning hayoti, harbiy yurishlari, ulkan imperiyani boshqarishdagi yutuqlari atroflicha yoritilgan.


Muallif Temurning strategik fikrlashi, davlat boshqaruvidagi islohotlari va Sharq hamda Gʻarb oʻrtasidagi munosabatlardagi rolini tahlil qiladi. Asar XVIII asr Yevropa tarixshunosligida Temur haqidagi ilmiy qarashlarni shakllantirgan muhim manbalardan biri hisoblanadi.

 

Sohibqiron shaxsiyati Yevropada faqat harbiy sarkarda sifatida emas, balki davlat arbobi, mutafakkir va sivilizatsion jarayonlarning yirik ishtirokchisi sifatida qabul qilingan. Uning davlat qurilishi, huquqiy tizimi va geosiyosiy siyosatini Yevropa olimlari qiziqish bilan oʻrgangan.

 

Markaz ekspozitsiyasida namoyish etilgan mazkur asarlar Amir Temurning jahon tarixi va Yevropa tafakkuridagi oʻrnini yaqqol namoyon etadi. Ular Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalari oʻrtasidagi intellektual muloqotning tarixiy ildizlarini ochib beradi va Temur merosining umuminsoniy qimmatga ega ekanini tasdiqlaydi.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3
carousel image 4

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.