
Fikr-mulohazalar
Shahin Mustafoyev
Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti
Islom sivilizatsiyasi markazi insonda hayrat va havas uyg‘otadi. Ayniqsa, bu markazning Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgani uning ahamiyatini yanada oshiradi.
Menimcha, bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo va turkiy islom olami uchun muhim ilmiy va madaniy voqelikdir. Bu markaz orqali O‘zbekiston o‘rta asrlarda bo‘lgani kabi bugun ham islom olamining muhim intellektual markazlaridan biri ekanini namoyon etmoqda.
Markaz ekspozitsiyalari juda puxta o‘ylangan. Bu yerda nafaqat diniy meros, balki asrlar davomida shakllangan ilmiy intellektual va madaniy taraqqiyot ham qamrab olingan. Qadimgi davrlardan boshlab temuriylar renessansi va jadidchilik davrigacha bo‘lgan jarayonlar izchil yoritilgani juda muhim. Amir Temur va temuriylar davri jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan. Amir Temur buyuk davlat asoschisi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Uning avlodlari esa ilm-fan, madaniyat va san’at rivojiga katta hissa qo‘shgan.
