
Fikr-mulohazalar
Fahd Al-Jalajel
Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri
Haqiqatan ham, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida asrlar davomida shakllangan, ilm-fan va ma’rifat yuksalishiga xizmat qilgan hamda bugungi taraqqiyot bosqichigacha yetib kelgan boy tarixni ko‘rish menda katta quvonch, faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Bu buyuk sivilizatsiyaning zamon bilan hamnafas taraqqiy etib, yangi davr ruhi bilan yanada boyib borayotganini ko‘rish ayniqsa quvonarlidir. Markaz bo‘ylab qilgan sayohatimning har bir lahzasi menga faxr, minnatdorlik va g‘urur hissini bag‘ishladi.
Shu munosabat bilan muhtaram Prezidentga ushbu noyob muzeyni barpo etgani, islom sivilizatsiyasining bebaho merosini butun dunyoga zamonaviy va ta’sirchan uslubda namoyon etish imkonini yaratgani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Bu tashabbus har bir tashrif buyuruvchida cheksiz iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Markazning yana bir e’tiborli jihati shundaki, unda oila, jamiyat va inson hayoti o‘zaro chambarchas bog‘liq holda yoritilgan. Islom sivilizatsiyasi insonning kundalik turmushi, hayot tarzi va qadriyatlari bilan uyg‘un tarzda namoyon etilgani unga yanada hayotiy mazmun bag‘ishlaydi. Bu esa yosh avlodga o‘tmish sivilizatsiyalari qanday shakllangani, ularning taraqqiyot bosqichlari va bugungi kungacha qanday rivojlanib kelganini chuqur anglash imkonini beradi.
Men buni nafaqat Islom sivilizatsiyasi markazida, balki O‘zbekistonga tashrifim davomida mamlakatning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli taraqqiyot va yangilanishlarda ham yaqqol ko‘rdim. Biz, Saudiya Arabistoni Podshohligi xalqi sifatida, O‘zbekistondagi birodarlarimizning ushbu yuksak yutuqlari va erishilayotgan muvaffaqiyatlaridan chin qalbdan mamnunmiz.
