
Resurslar
9–11 aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat zMirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir jahon tarixi va madaniyatida Amir Temur hamda Sharq Renessansi sivilizatsiyasining o‘rnini muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonga aylandi.
Islom sivilizatsiyasi markazida nufuzli xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirda davlat va jamoat arboblari, yetakchi olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatik korpus a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Anjuman ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy merosni chuqur o‘rganish va uning global ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik murojaatini o‘qib eshittirish bilan boshlandi. Ushbu tabrikni Prezident maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov o‘qib berdi. Tabrik so‘zida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, milliy tarix va madaniy merosni tiklash hamda uni jahon hamjamiyatiga tanitishga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida ta’kidlandi.
–Yangi O‘zbekistonda Amir Temur va temuriylar merosining umumbashariy sivilizatsiya tarixidagi o‘rni va ahamiyatini o‘rganish, uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga binoan har yilning aprel oyi mamlakatimizda Amir Temur oyligi deb e’lon qilinishi, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilab qo‘yildi. Bugungi anjuman ham ana shu yo‘ldagi yana bir amaliy qadam bo‘lib, biz O‘zbekistonning haqiqiy do‘stlari bo‘lgan sizlar kabi zahmatkash olim va tadqiqotchilar bilan temuriylar Renessansini, umuman, boy merosimizni chuqur o‘rganish, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-ma’naviy islohotlar bilan jahon jamoatchiligini yanada keng tanishtirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettiramiz, - deyildi tabrikda.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar Amir Temur shaxsi va faoliyatiga keng to‘xtalib, uning davlatchilik an’analari, adolat tamoyillari va kuchli markazlashgan boshqaruv tizimini shakllantirishdagi beqiyos hissasini qayd etdilar. Ta’kidlanganidek, Temuriylar davri nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan.
Anjuman doirasida tashkil etilgan yalpi majlisga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov moderatorlik qildi. Majlis davomida Markaz faoliyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi. Unda markazning ilmiy-tadqiqot, ekspozitsiya va madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi ishlari, shuningdek, xalqaro hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
- Avvalo, siz azizlarni bugungi tarixiy sana – Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi bilan samimiy qutlayman va qimmatli vaqtingizni ayamay, ushbu nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etayotganingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Bugun xalqaro anjuman o‘z ishini boshlayotgan ayni daqiqalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida poytaxtimizdagi Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazilmoqda. Joriy yilda Sohibqironning 690 yilligiga puxta va har tomonlama tayyorgarlik ko‘rildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Muzey yangicha qiyofada xalqimizga tuhfa qilindi, - dedi markaz direktori.
Yalpi majlisda Temuriylar davrining ilmiy merosi, uning zamonaviy tadqiqotlardagi ahamiyati va istiqbollari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ikkinchi yalpi majlisda xalqaro darajadagi nufuzli olimlar va ekspertlar ishtirok etdilar. Jumladan, ISESCO mintaqaviy direktori Anar Karimov, O‘zFA akdemigi Akmal Saidov va IRCICA direktori Mahmud Erol Qilich o‘z ma’ruzalarida Temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, uning madaniy, ma’naviy va ilmiy merosini kompleks o‘rganish zarurati haqida so‘z yuritdilar.
Majlis davomida Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi o‘rinbosari Damir Muxitdinov, Rossiya Fanlar akademiyasi vakili Irina Popova ham ma’ruzalar bilan ishtirok etib, Temur tuzuklari kabi noyob manbalarning ilmiy ahamiyati, Temuriylar davlat boshqaruv tizimi va uning tarixiy merosi haqida fikr bildirdilar.
Anjuman doirasida yana bir muhim voqea sifatida TURKSOY tomonidan Markaz tarkibida faoliyat yuritayotgan Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etildi. Mazkur nufuzli sertifikat tashkilot bosh kotibi tomonidan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu e’tirof Markazning qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda yuqori baholanayotganini ko‘rsatadi.
Anjumanda Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Qozog‘iston kabi qator davlatlardan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi. Ular Temuriylar davri tarixi, siyosiy tizimi, shaharsozlik an’analari, ilm-fan va madaniyat rivoji kabi yo‘nalishlarda o‘z ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.
Xorijiy ishtirokchilar o‘z chiqishlarida Temuriylar merosining global ahamiyatini, uning Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rnini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, bunday xalqaro anjumanlar ilmiy muloqotni rivojlantirish, tajriba almashish va yangi tadqiqot yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Mazkur anjuman Temuriylar davrining boy ilmiy va madaniy merosini chuqur o‘rganish, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini yanada keng yoritish hamda ushbu bebaho merosni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Sulton Rayev, TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi:
— Tarixdan yaxshi ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan O‘zbekiston zamini azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat beshiklaridan biri bo‘lib kelgan. O‘tmishda bu yerda ikkita buyuk Renessansga asos solingani ham bu tuproqlar qanchalar tabarruk, o‘zbek xalqi qanchalar donishmand ekanini yaqqol tasdiqlaydi. Turkiy xalqlarning buyuk farzandi Sohibqiron Amir Temurni anglash aslida bizni yagona tarix va madaniyat atrofida birlashtirgan ildizlarni qaytadan kashf etish demakdir. Anjuman ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
TURKSOY tashkiloti ham temuriylar davriga oid asarlarni ilmiy nashrlar orqali dunyoga tanitish, kitoblar chop etishni qo‘llab-quvvatlash va bu merosni raqamlashtirish borasidagi loyihalarga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor. Shu o‘rinda e’tirof etishni istardimki, O‘zbekiston xalqi o‘zining dono yetakchisi, zamonamizning buyuk davlat arbobi Shavkat Miromonovich boshchiligida faqat tarix bilan faxrlanib qolayotani yo‘q, aksincha ajdodlarga munosib bo‘lishga intilmoqda. Mamlakat o‘z oldiga Uchinchi Renessansga asos solishdek buyuk maqsadni qo‘ygan. Bu yo‘lda amaliy qadamlar bilan kelajakka dadil intilmoqda.
Farhan Nizamiy, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori:
— Menimcha, mazkur tashabbus Markaziy Osiyoning nafaqat mintaqaviy madaniyat va sivilizatsiyaga, balki jahon tarixiga qo‘shgan ulkan hissasini keng jamoatchilikka yana bir bor eslatishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Bu yerda insonlar ajdodlarimizning ilm-fan, adabiyot, me’morchilik va boshqa sohalardagi buyuk yutuqlari haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘ladilar. Eng muhimi, ushbu tashabbus bugungi avlod uchun ilhom va rag‘bat manbaiga aylanib, ularning o‘zligini anglashiga, tarixi va kelajak maqsadlarini aniq belgilashiga xizmat qiladi.
Mahmud Erol Qilich, Islom tarixi, madaniya va san’ati tadqiotlari markazi – IRCICA direktori:
— Bizning tashkilotimizga dunyoning 57 davlati a’zo bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning o‘z o‘rni bor. Chunki, O‘zbekiston Islom olamining eng buyuk allomalari tug‘ilgan zamin, mislsiz kashfiyotlar, madaniy yodgorliklar, boy tarix va ulkan sivilizatsiyalar maskani. Bugungi anjuman ham O‘zbekiston xalqining, rahbariyatining buyuk ajdodlar merosi, tarix va madaniyat tadqiqiga qaratayotgan ulkan e’tiboridan darak beradi. Biz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bir qator loyihalarni amalga oshirib kelyapmiz. Jumladan “O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan mutafakkirlar ensiklopediyasi” bo‘yicha ishlarimiz davom etmoqda. Bugungi anjuman doirasida ham Markaz bilan birga xattotlik musobaqalarini o‘tkazish, temuriylar merosining islom olamidagi o‘rni masalalariga qaratilgan qator loyihalar muhokama qilindi.
Gu Gotsin, Xitoy Xalq Respublikasi Kinematografiya qo‘mitasi xalqaro aloqalar departamenti rahbari:
Xitoy va O‘zbekiston xalqlarini uzoq asrlik madaniy aloqalar bog‘lab turadi. Ayniqsa, temuriylar davrida diplomatik aloqalar yanada mustahkamlandi. Mirzo Ulug‘bek va Shohrux elchilarining Xitoy impetori huzuriga borishi, ikki tomondama manfaatli aloqalarning yo‘lga qo‘yilgani qator tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan.O‘zbekistonning ko‘plab tarixiy shaharlari Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan. Bu esa, ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar tarixida katta o‘rin tutadi. Bugungi konferensiya davomida ikki xal o‘rtasidagi tarixiy aloqalar haqida ma’ruza qildim. Ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga asosan, kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda bir qator kinoloyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Umid qilamizki bu hamkorlik kelgusida o‘z samarasini beradi.
Aktoti Rayimqulova, Xalqaro turk madaniyati va merosi fondi rahbari:
Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasiga bag‘ishlangan nufuzli ilmiy amaliy konferensiya ochilishining guvohi bo‘lib turibmiz.
Ushbu anjumanda dunyoning turli burchaklaridan yetuk olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda dunyoning nufuzli va ma’naviy jihatdan boy ilmiy maskanlaridan biriga aylangan. Biz markazni ko‘zdan kechirar ekanmiz Amir Temurga bag‘ishlangan zal bilan tanishdik. Ayniqsa, temuriylar sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan Ikkinchi Renessans zalining mazmunan boy va badiiy jihatdan yuksak darajada yaratilgani katta taassurot qoldirdi.
Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasi merosi xalqlarimiz taraqqiyotida, bugungi mustaqillik va ravnaq yo‘lida muhim o‘rin tutadi. Konferensiya ishtirokchilari, olimlar va tadqiqotchilarga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.