Buyuk kashfiyotning Xorazmiy orqali qayta tug‘ilishi va dunyoga yoyilishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur.”
Bugun ushbu fikrlar amalda tasdig‘ini topmoqda. Ramazon hayiti arafasida o‘z eshiklarini ochgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa vaqt ichida jamoatchilik e’tiborini qozonib, yurtimiz va xorijdan tashrif buyurayotgan mehmonlarni o‘ziga jalb etayotgan muhim maskanga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu markaz milliy o‘zlikni anglash, ilmiy tafakkur uzviyligini his etish va uni zamonaviy talqinda anglatishga xizmat qiluvchi konseptual makondir.
Markaz kirish foyesida joylashgan Buyuk siymolar galereyasi ana shu g‘oyaning eng yorqin badiiy ifodasidir. 14 ravoqdan iborat ulkan kompozitsiya orqali insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar va tarixiy davrlar mantiqiy izchillik hamda yuksak badiiy uyg‘unlik asosida namoyon etilgan.
Shu yuksak maqsad asosida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy merosni jamlagan maskan, balki milliy o‘zlik va ilmiy tafakkur uzviyligini namoyon etuvchi konseptual makondir. Markaz kirish foyesida joylashgan Buyuk siymolar galereyasi ana shu g‘oyaning badiiy ifodasiga aylangan. 14 ravoqdan iborat ulkan kompozitsiya orqali insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar va davrlar mantiqiy hamda badiiy uyg‘unlikda yoritilgan.
Galereyadagi ravoqlardan biri IX asrning eng yirik ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlik uyi”) ning birinchi rahbari, buyuk qomusiy olim Muhammad ibn Muso Xorazmiyga (780-850) bag‘ishlangan.
Asarning yuqori qismida “Bayt ul-hikma” olimlari ramziy tarzda tasvirlangan bo‘lsa, kompozitsiyaning markaziy qismida bosh qahramon Xorazmiy siymosi joylashtirilgan. Panno markazida olimning algebra faniga asos solgan "Kitob al-jabr val-muqobala" ("To‘ldirish va qarshi qo‘yish haqida kitob") asari aks ettirilgan.
Shuningdek, arifmetikaga oid "Hindlar hisobi haqidagi kitob"da bayon etilgan olimning eng buyuk kashfiyotlaridan biri – o‘nlik pozitsion hisoblash usuli ramziy vizuallashtirilgan. Kompozitsiyaning quyi qismida esa qadimgi davrlarda qo‘llanilgan rim raqamlari va turli xalqlarga xos hisoblash belgilari tasvirlangan.
“Kitob al-jabr val-muqobala”ning XII asr o‘rtalarida lotin tiliga tarjima qilinishi natijasida o‘nlik pozitsion hisoblash usuli Yevropa orqali butun dunyoga keng tarqaldi. Asarning lotincha tarjimasi matni "Dixit Algorizmi" ("Xorazmiy aytdi") iborasi bilan boshlanadi. Undagi "algorizmi" so‘zining aslida Muhammad ibn Muso Xorazmiy nomiga ishora qilishi faqatgina XIX asrning birinchi yarmida ma’lum bo‘lgan. Mazkur atama keyinchalik har qanday regulyar hisoblash jarayonini anglatadigan "algoritm" atamasiga aylangan va bugungi axborot texnologiyalar asosini tashkil etadi.
Xorazmiyning boshqa ilmiy yutuqlari ham mazkur asar syujetida o‘ziga xos badiiy talqinini topgan. Xususan, olimning “Zij” asarida bayon etilgan Quyosh va Oy harakati, sayyoralar tizimi, shuningdek, trigonometrik funksiyalar ramziy tasvirlar orqali ifodalangan. Ushbu asar keyingi olti asr davomida yaratilgan astronomik risolalar uchun muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan. U Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniy kabi zabardast olimlar tomonidan sharhlangan. 1126 yilda lotin tiliga tarjima qilingach, Yevropa ilmiy muhitiga ham chuqur kirib bordi. Unda keltirilgan trigonometrik funksiyalar nomlari lotin tilida “sinus” va “kosinus” shaklida ifodalanib, jahon ilm-fanining ajralmas matematik atamalariga aylandi.
Olimning “al-Xarita al-Ma’muniya” (“Ma’mun xaritasi”) o‘rta asrlarda Yerning obod choragi – rub’i maskun tasvirlangan ilk xaritalardan bo‘lgan. Mazkur xarita xalifa al-Ma’mun (813-833) saroyi devoriga rangli qilib ishlangan. Xaritaga oid batafsil ma’lumotlar olimning “Kitob surat al-arz” (“Yerning tasviri kitobi”) asarida keltirilgan. Unda 2400 dan ortiq geografik nuqtaning aniq koordinatalari berilgan bo‘lib, bu o‘sha davr uchun mislsiz ilmiy yutuq edi. Asarda, shuningdek, “al-Bahr al-muzallam” (“Qorong‘i dengiz”), ya’ni Tinch okeani ilk marta tavsiflangan. Bundan tashqari, Koreya yarim oroli, Yaponiya orollari hamda ularning daryo tizimlari haqidagi ma’lumotlar ham xaritada aks ettirilgan.
Ushbu xaritaning eng muhim ilmiy jihati shundaki, unda o‘sha davrgacha fanda ustuvor bo‘lib kelgan II asr yunon olimi Klavdiy Ptolemey tomonidan tuzilgan xaritadagi prinsipial xato isloh etilgan. Ya’ni, Ptolemey ta’limotida quruqlik dunyo okeanini o‘rab turadi, degan kontinental konsepsiya ilgari surilgan bo‘lsa, Muhammad ibn Muso Xorazmiy o‘z tadqiqotlarida buning aksini – ya’ni, dunyo okeani quruqlikni o‘rab turgan yaxlit tizim ekanini ilmiy asosda ko‘rsatib bergan. Bu orqali Xorazmiy dunyo okeani yaxlitlikdan iborat, degan to‘g‘ri konsepsiyani ilgari surgan. Bu yondashuv kartografiya tarixida tub burilish yasab, keyingi asrlarda mazkur fan taraqqiyotining muhim metodologik poydevoriga aylandi. Aynan shu konsepsiya Yer sharining hali noma’lum hududlari haqida ilmiy mushohada yuritish, yangi geografik kashfiyotlar sari yo‘l ochib berdi.
Muhammad Xorazmiyga bag‘ishlangan mahobatli rangtasvir asarida olimning boshqa muhim ixtirolari, jumladan, suv soati kompozitsiyaga kiritilgan.
Zohidulla Munavvarov, Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi:
Asarda olim tug‘ilib voyaga yetgan maskan - Ko‘hna Urganchdagi Tekesh qal’asi tasviri alohida o‘rin egallagan. Kompozitsiya, shuningdek, uning ilmiy ilhom manbalari bo‘lgan turli sivilizatsiyalar – arab, hind, yunon, ossuriy va fors allomalari obrazlari bilan boyitilgan.
Pannoning badiiy jozibasini yanada kuchaytirish maqsadida olim yashagan davrga xos me’moriy obidalar, nafis naqsh va bezaklar, u foydalangan astrolobiy hamda boshqa ilmiy asbob-uskunalar, shuningdek, arab grafikasiga asoslangan xattotlik san’ati namunalaridan mahorat bilan foydalanilgan.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


