

Yangiliklar
“Keling va ko‘ring”: dunyo muzeylarini ko‘rgan Germaniya rasmiysi barchani O‘zbekistonga sayohatga chorladi
Qariyb 9 yillik ulkan mehnat samarasi bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo jamoatchiligi e’tiboridagi muhim ilmiy-ma’rifiy maskanga aylandi. Ramazon hayiti arafasida o‘z eshiklarini ochgan ushbu muhtasham markaz qisqa vaqt ichida xalqaro OAVda keng yoritilib, jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda. Xalqaro miqyosda yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘layotgan markazga nufuzli mehmonlar tashrif kun sayin ortmoqda.
Xususan, Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yevropa masalalari bo‘yicha davlat vaziri Gyunter Krixbaum boshchiligidagi delegatsiya Markaz ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishib, muzeyning ilmiy konsepsiyasi va zamonaviy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratdi.
Tashrif davomida martabali mehmon avvalo “Buyuk siymolar galereyasi”da namoyish etilgan buyuk allomalar siymosini katta qiziqish bilan kuzatdi. Ushbu asarlarning rassom Alisher Aliqulov tomonidan yaratilgani va mayda mozaikalar orqali yuksak badiiy mahorati bilan bajarilgani mehmonda chuqur hayrat uyg‘otdi. Uning ta’kidlashicha, bu kabi san’at namunalari tarixni nafaqat ko‘rsatadi, balki his qilish imkonini ham beradi.
Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyalarida esa tarixiy jarayonlarning izchil va mantiqiy ketma-ketlikda yoritilgani, ayniqsa temirchilik jarayonlarining sun’iy intellekt yordamida jonli namoyish etilishi germaniyalik rasmiy vakillar tomonidan yuqori baholandi. Bu yondashuv tarixni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishning yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.
Birinchi Renessans bo‘limida o‘z davri uchun jahon ilm-fanida mislsiz kashfiyot yaratgan buyuk mutafakkirlardan biri, asarlarida o‘z davrida mavjud bo‘lgan 600 ga yaqin shaharning koordinatalarini keltirgan Abu Rayhon Beruniy globusining qayta tiklanib, alohida konsepsiya asosida taqdim etilgani, shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy maqbaralari maketlari, ularning islom ilm-fani rivojidagi beqiyos o‘rni va fidokorona xizmatlari mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida esa Amir Temur ko‘rsatmasi asosida Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’oni karim nusxasining dizayni, unga bo‘lgan yuksak ehtirom va tarixiy ahamiyat alohida qayd etildi. Shuningdek, Bibixonim libosining 22 kilogramm vaznga egaligi va uni bir vaqtning o‘zida 15 nafar kanizak ko‘tarib yurgani haqidagi ma’lumot germaniyalik martabali mehmonni hayratga soldi.
Gyunter Krixbaum, Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yevropa masalalari bo‘yicha davlat vaziri:
– Avvalambor, sizlarni Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani bilan tabriklayman. Bu, albatta, juda to‘g‘ri va muhim tashabbus deb bilaman. Bu yerda o‘tmish va kelajak o‘zaro bog‘langan, tashrif buyuruvchilarga tarixni bugungi kun bilan uyg‘un holda anglash imkoniyati yaratilgan.
Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Aynan u kishining tashabbusi va qat’iyati tufayli bunday yirik va muhim loyiha amalga oshirildi.
Biz ko‘plab buyuk olimlar va ularning merosi bilan tanishdik. Ba’zan biz o‘zimizni ko‘p narsani biladigandek his qilamiz, ammo o‘tmish allomalari erishgan natijalar bilan solishtirganda, ularning yutuqlari naqadar ulkan ekanini anglaymiz.
Men dunyo bo‘ylab ko‘plab muzeylarni ko‘rganman, ammo kamdan-kam hollarda bu darajada hayratlanganman. Shu sababli men nafaqat O‘zbekistonda yashovchilarga, balki barcha sayyohlarga ham bu yerga kelishni tavsiya qilaman. Faqatgina shu markazning o‘zi ham O‘zbekistonga sayohat qilishga arziydi. Qisqasi, shuni aytaman: keling va ko‘ring”.
Mehmonning ta’kidlashicha, Markazning barcha ekspozitsiyalari o‘ziga xos va qiziqarli bo‘lsa-da, aynan Qur’oni karim zalining me’moriy yechimi va ma’naviy muhiti alohida ajralib turadi. Sura va oyatlarning 5 metr balandlikdagi 8 ta ipak gilamlarga bitilgani, shuningdek, muqaddas Usmon Mushafi uchun zal markazida yaratilgan noyob dizayn asosidagi maxsus joy mehmonda chuqur taassurot qoldirdi.
Tashrif yakunida Germaniya rasmiy vakili bu kabi maskanlar xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, madaniy muloqot va tinchlik g‘oyalarini mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga egaligini e’tirof etdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.