
Yangiliklar
O‘zbekistonning ulkan tashabbusi siri
Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi — bu oddiy me’moriy inshoot emas, balki chuqur ma’no va sivilizatsion yondashuvni o‘zida mujassam etgan maskandir. Qariyb 9 yil davomida bunyod etilgan ushbu majmua bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bino me’morchiligidagi salobat, mukammal geometrik shakllar, nafis naqshlar va devorlardagi muqaddas yozuvlar islom me’morchiligining asrlar davomida sayqallangan an’analarini zamonaviy uslub bilan uyg‘unlashtirgan. Har bir arxitektura elementi — bu nafaqat estetika, balki ma’no, ramz va tarixdir. Shu bois, Markazga tashrif buyurgan har bir inson hali ichkariga kirmasdanoq uning qanday ulkan va serqirra ma’naviy olam ekanini his etadi.
Markaz ichiga qadam qo‘yish bilan bu tasavvur real tajribaga aylanadi. Bu yerda barcha yo‘nalishlar — din, tarix, ilm-fan va san’at — alohida-alohida emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi yagona manzara sifatida namoyon bo‘ladi. Ana shu uyg‘un manzaraning markazida esa Qur’oni Karim zali joylashgan bo‘lib, u Islom ma’naviyatining eng chuqur ildizlarini namoyon etuvchi muqaddas makon hisoblanadi. Bu yerda Markazning yuragi va islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan muqaddas meros — VII asrga mansub, xalifa Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) davrida ko‘chirilgan Hazrati Usmon mus’hafi saqlanmoqda. Shuningdek, zalda O‘zbekiston bilan bog‘liq 114 ta Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etilgan bo‘lib, devorlarda oyatlar bilan bezatilgan 8 ta ipak gilam joylashtirilgan.
Aynan shu ruhiy asos ustida shakllangan ilm-fan va madaniyat keyinchalik insoniyat taraqqiyotiga yo‘l ochgan. Markaz ekspozitsiyalari mazkur jarayonni bosqichma-bosqich namoyon etadi — Islomdan avvalgi sivilizatsiyalardan tortib, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari orqali Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘li zamonaviy, interaktiv va ko‘rgazmali tarzda yoritilgan. Bu yerda ma’naviyat va ilm uyg‘unligi insoniyat taraqqiyotining uzviy zanjiri sifatida talqin etiladi.
Markaz ekspozitsiyalarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarning merosi ular yashagan davr va ilmiy muhit bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etilgan. Bu orqali ilm-fanning shakllanishi va rivojlanish jarayonlari aniq va tushunarli tarzda ochib beriladi.
Bu yerda tashrif buyuruvchilar shunchaki tomoshabin bo‘lib qolmaydi — ular ekspozitsiyani ko‘radi, eshitadi va his qiladi; raqamli texnologiyalar orqali allomalar obrazlari bilan “muloqot qilish” imkoniga ega bo‘ladi. Natijada tashrif oddiy kuzatuv emas, balki ilm va sivilizatsiyani bevosita his qilish tajribasiga aylanadi.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi — islom sivilizatsiyasi merosini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda tadqiq etish va zamonaviy shakllarda keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat. Shu bilan birga, bu maskan milliy tarix va ma’naviy qadriyatlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Bu yerda an’ana va innovatsiya uyg‘unligi yaqqol namoyon: interaktiv panellar, 3D vizualizatsiyalar va raqamli texnologiyalar orqali ekspozitsiyalar nafaqat ko‘riladi, balki to‘liq his etiladi. Shu tariqa Markaz an’anaviy muzey tushunchasidan chiqib, zamonaviy ilmiy va ta’lim platformasiga aylanmoqda.
Bu ulkan loyiha tashabbuskori — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Va davlat rahbari Markazning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni quyidagicha ta’riflaydi:
“Biz bunyod etayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi — bu faqat muzey emas, balki xalqimiz tarixi, ilm-fani va ma’naviyatini jahonga namoyon etadigan ilmiy-ma’rifiy maskandir.”
Ushbu fikr Markazning mohiyatini aniq ifoda etadi: u o‘tmish merosini saqlash bilan cheklanib qolmay, uning mazmunini zamonaviy dunyoga yetkazishga xizmat qiladi.
Qisqa vaqt ichida Markaz katta yutuqlarga erishdi: u har kuni o‘rtacha 5000 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlarni qabul qilmoqda. Tashrif buyuruvchilar Markazda yaratilgan muhit, zamonaviy texnologiyalar va ekspozitsiyalarning mazmundorligini alohida e’tirof etib, o‘zlarida chuqur taassurot qoldirganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Markaz nufuzli xalqaro delegatsiyalar diqqat markaziga aylanib, zamonaviy muzey texnologiyalari joriy etilgan ilg‘or maydon sifatida baholanmoqda.
Xususan, Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Markaz haqida shunday dedi:
“Bu muzeyni ta’riflashga so‘z topish qiyin — chinakamiga hayratlanarli. Umrimda bunday muzeyni hali ko‘rmaganman”.
“BMT turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysning ta’kidlashicha, sivilizatsiyalar tarixi bu yerda zamonaviy texnologiyalar va immersiv san’at orqali juda ta’sirli tarzda taqdim etilgan bo‘lib, bu kabi format tashrif buyuruvchilar uchun nafaqat axborot, balki chuqur tajriba ham taqdim etadi. U Markazni Toshkent va butun O‘zbekiston uchun muhim madaniy va turizm nuqtasi sifatida baholadi.
Paragvay Prezidenti Santyago Penyaning fikricha, “O‘zbekiston tarixi — insoniyat sivilizatsiyasining ajralmas qismi. Bu zamindan dunyo ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan meros shakllangan”.
Bu fikrlar Markazning xalqaro darajada qanday qabul qilinayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Muhim voqealardan biri sifatida qayd etish mumkinki, Markaz 2026-yil 13-aprel kuni Markaz Guinness World Records tomonidan rasman “dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, turkiy dunyo madaniy hamjamiyati — TURKSOY tomonidan Markaz muzeyi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb topilib, xalqaro anjuman doirasida alohida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, Markaz AQShdagi Smithsonian institutining rasmiy nashri — Smithsonian Magazine tomonidan 2026-yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilayotgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etildi. Bu esa Markazni jahonning eng yirik muzey loyihalari qatoriga qo‘yib, uning global madaniy va ilmiy ahamiyatini yanada mustahkamladi. Bu e’tiroflar Markazning jahon muzey makonida alohida o‘rin egallayotganini tasdiqlaydi.
Bu kabi yuksak baholar Markazning jahon ilmiy va madaniy hamjamiyatidagi nufuzini mustahkamlab, uni xalqaro muloqot va hamkorlikning muhim platformasi sifatida namoyon etmoqda. Eng muhimi, bu yerda har bir ekspozitsiya, har bir element yagona g‘oyaga xizmat qiladi — inson sivilizatsiyasi turli sohalar uyg‘unligi orqali yuksaladi.
Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi — bu shunchaki tarixni namoyish etuvchi makon emas, balki uni anglash, his qilish va zamonaviy tafakkur bilan qayta talqin etish imkonini beruvchi noyob ma’naviy va ilmiy muhitdir. Bu yerda o‘tmish va bugungi kun o‘rtasidagi bog‘liqlik aniq namoyon bo‘lib, inson sivilizatsiyasining uzviy taraqqiyot yo‘li chuqur mazmun bilan ochib beriladi. Markaz nafaqat milliy merosni saqlash va targ‘ib qilishga, balki uni jahon hamjamiyatiga zamonaviy va ta’sirchan shaklda yetkazishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bu maskan insonni o‘z ildizlariga qaytarib, uning ma’naviy va intellektual dunyosiga ta’sir ko‘rsatadi, o‘tmish tajribasidan ilhom olgan holda kelajakni anglashga va yaratishga undaydi. Shu jihatdan, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekistonning milliy g‘ururi, balki sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlovchi va global madaniy hamkorlikni rivojlantiruvchi muhim maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shahina Alijonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.