

Yangiliklar
Shayx Nuriddin Xoliqnazar: “Islom sivilizatsiyasi ilm, hikmat, adolat, rahmat va bag‘rikenglik manbaidir”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida yangi bosqichni boshlab bergani bugun 40 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin davlat va jamoat arboblari, xorijiy olimlar, muftiylar, yetuk ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtirgan I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumda yana bir bor isbotini topdi. Forum islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat g‘oyalarini jahon hamjamiyatiga yetkazishni maqsad qilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Forum qatnashchilarini qutlab, yurtimizda bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli diniy-ma’rifiy islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshlayotgani munosabati bilan barchangizni chin qalbimizdan muborakbod etamiz.
Bugun turli mamlakatlardan tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar yetakchilari, mo‘’tabar ulamolar, muftiylar, davlat va jamoat arboblari, olimlar hamda ilmiy muassasalar rahbarlarining ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etayotgani mamlakatimiz uchun yuksak ehtirom va katta sharafdir.
Bugun dunyoda islom tamaddunining buyuk darg‘alari: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burxoniddin Marg‘iloniy kabi ulug‘ allomalarning ilmiy an’analarini munosib davom ettirayotgan siz kabi zabardast olimlarni borligi uchun Alloh taologa hamdlar aytamiz.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda muborak islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish, buyuk allomalarimiz qoldirgan bebaho ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va dunyo ahliga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqandda Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi majmuasi zamonaviy qiyofada qayta barpo etildi. Uning atrofida xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, innovatsion muzey va hadis ilmi oliy maktabi tashkil qilindi. Shuningdek, Termizda Imom Termiziy majmuasi qayta bunyod etildi. Xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda islom instituti va diniy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ allomalarimiz merosini tadqiq etish va targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi ilm, hikmat, adolat, rahmat va bag‘rikenglik manbaidir. Uning haqiqiy mohiyatini teran anglash va ezgu g‘oyalarni insoniyatga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shu ma’noda, mazkur forum turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ulamolar va tadqiqotchilarni umumiy maqsad — islomning asl mohiyati, uning tinchlik, ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan sivilizatsiya ekanini keng targ‘ib etish yo‘lida birlashtiradi deb umid qilamiz inshaalloh. Forum doirasida bo‘lib o‘tadigan majlislar, ilmiy muhokamalar va konferensiyalar islom sivilizatsiyasiga oid dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan fikr almashish, o‘zaro tajriba va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangi O‘zbekistonda ma’naviy yuksalish va uchinchi renessans poydevorini barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda buyuk ajdodlarimiz merosi eng mustahkam tayanchlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Chunki Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va boshqa yuzlab allomalarimiz qoldirgan ilmiy xazina nafaqat musulmon ummati, balki butun insoniyatni umumiy boyligidir. Biz ana shu ulug‘ merosni vorislari sifatida ilmni ulug‘lash, bag‘rikenglikni qaror toptirish, tinchlikni mustahkamlash va yosh avlodni sof islom ta’limoti ruhida tarbiyalashni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.