“Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiya
PRESS RELIZI
2026 yil 9 iyul kuni Samarqand shahrida “Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Bugungi kunda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish sohasida boshlangan ishlarni tizimli davom ettirish va uni yangi bosqichga olib chiqishga zarurat mavjud.
Mavzuning dolzarbligi. Bugungi kunda quyidagi omillar Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etmoqda:
- O‘zbekiston Imom Moturidiyning vatani sifatida moturidiylik ta’limotini o‘rganish va targ‘ib etishga har jihatdan haqli hisoblanadi;
- moturidiylik maktabining bag‘rikeng g‘oyalari, asrlar davomida mintaqamiz xususiyatlariga mos holda shakllangan insonparvar ta’limoti radikalizmga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali vositasi sifatida baholanmoqda;
- so‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda moturidiyshunoslik ilmiy maktabi shakllandi. O‘zbekistonlik moturidiyshunos olim va tadqiqotchilar xalqaro konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etmoqda;
- moturidiylik maktabi g‘oyalarini zamon talablari asosida ilmiy tadqiq etish va keng yoyish ushbu ta’limot tarqalgan Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo (Pokiston, Hindiston, Bangladesh), Yevropa va Kichik Osiyo (Turkiya, Rossiya, Bosniya va Gersegovina, Kosovo, Albaniya) mintaqalarida yashovchi musulmonlarni aqidaviy jihatdan birlashtiradi. Mazkur hududda dunyo musulmonlarining taxminan 40 foizi istiqomat qiladi.
Konferensiya tashkilotchilari – Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari.
Konferensiya ishtirokchilari – Rossiya, Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Niderlandiya, Hindiston kabi arab-musulmon davlatlari vazirlari, muftiylari, nufuzli islomshunos, dinshunos olimlar, moturidiyshunos tadqiqotchilar, davlat va jamoat arboblari, diniy soha vakillari, Al-Azhar universiteti professor-o‘qituvchilari.
Konferensiyani o‘tkazish joyi: Tadbir Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida o‘tkaziladi.
Konferensiya quyidagi sho‘’balarda faoliyat olib boradi:
1. Imom Moturidiy va izdoshlarining kalom ilmi rivojidagi o‘rni.
2. Zamonaviy dunyoda Imom Moturidiy hamda moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi.
3. Globallashuv davrida moturidiylik ta’limotining bag‘rikenglik madaniyati va ilm-fanni rivojlantirishdagi ahamiyati.
Birinchi sho‘ba Imom Moturidiy va izdoshlarining hayot yo‘li, Movarounnahr kalom ilmi maktabi rivojlanish tarixi haqida bahs-munozaralar, ilmiy muzokaralarga bag‘ishlanadi.
Ikkinchi sho‘ba moturidiylik ta’limotida ilgari surilgan g‘oyalar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat nazariyalarining shakllanishiga oid munozaralarni o‘z ichiga oladi.
Uchinchi sho‘bada Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosida ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi dolzarb muammolarni hal qilishdagi ilmiy va nazariy ahamiyatiga oid bahs-munozaralarga bag‘ishlanadi.
Konferensiya yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha nufuzli olimlarning taklif va tashabbuslari ishlab chiqiladi.
Kutilayotgan natijalar:
1. Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti vakillarining boy ilmiy merosini o‘rganish yo‘nalishida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda erishilgan muhim ilmiy natijalar hamda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati xalqaro ilmiy jamoatchilikka yetkaziladi.
2. Anjuman doirasida dunyoning yetakchi moturidiyshunos olimlari, nufuzli xorijiy universitetlar va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan istiqbolli aloqalar yo‘lga qo‘yiladi. Moturidiylik maktabiga oid qo‘lyozmalarni birgalikda tadqiq etish, tarjima va nashr ishlarini jadallashtirishga qaratilgan qo‘shma xalqaro ilmiy loyihalar muhokama qilinadi.
3. O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan moturidiyshunos olimlar, doktorant va tadqiqotchilarning dunyo miqyosidagi nufuzli ilmiy doiralarga integratsiyalashuviga ko‘maklashiladi.
4. Xalqaro miqyosda tan olingan moturidiyshunos olimlar va yurtimiz ulamolarining fikr hamda ilmiy xulosalarini jamlagan holda ta’limotning asl mazmunini yorituvchi ko‘rsatuvlar, intervьyular va hujjatli filmlar tayyorlanadi.
5. Konferensiyada ishtirok etayotgan dunyoning yetakchi islomshunos olimlari va ulamolarning fikr va ma’ruzalari asosida radikal oqimlarning da’volariga qarshi ilmiy raddiyalar ishlab chiqiladi.
Madaniy dastur doirasida ishtirokchilar Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy maqbarasi va Samarqanddagi tarixiy qadamjolarni ziyorat qiladilar.
Xalqaro konferensiya ishi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali keng yoritib boriladi.


