Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Gonkongda Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning g‘oya va tashabbuslari asosida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda o‘zining g‘oya va maqsadlari, salohiyati bilan dunyo ahlining e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

Ayni paytda dunyoning turli shaharlarida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimotlari, yirik muzey va kutubxonalar, madaniy-ma’rifiy markazlarda turli uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligidagi delegatsiya vakillari ana shu maqsadda Xitoy Xalq Respublikasiga jo‘nab ketishdi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur tashrif va Gonkongdagi tadbirlarni tashkil etishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyevga alohida minnatdorlik bildiradi.

Diplomatik vakolatxona ko‘magida Gonkong Saroy muzeyi rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etildi, Markaz taqdimoti tayyorlandi hamda madaniyat, ilm-fan va jamoatchilik vakillarining tadbirlarda ishtirok etishi ta’minlandi.

20-iyul kuni Markaz vakillari Gonkong maxsus ma’muriy tumanidagi Gonkong Saroy muzeyida (Hong Kong Palace Museum) bo‘lishdi. Islom sivilizatsiyasi markazi bilan deyarli bir paytda ish boshlagan mazkur muzey dunyo sivilizatsiyalari, tarixi va madaniyati haqida hikoya qiluvchi bir qancha ekspozitsiyalarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston va Xitoy madaniy diplomatiya sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida yangi qadam tashladi. Gonkongda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Gonkong Saroy muzeyi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash va mutaxassislar almashinuvini qamrab oladi. Kelishuv ikki mamlakatning madaniy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bilan birga, Markaziy Osiyoning boy sivilizatsion merosini xalqaro muzey maydonida kengroq namoyon etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safarida bo‘lib turibdi. Xizmat safari doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Gonkong Saroy muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatga Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va Gonkong Saroy muzeyi direktori doktor Luis Ng imzo chekdi.

Memorandum muzeyshunoslik, madaniy merosni muhofaza qilish, restavratsiya, ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, mutaxassislar tayyorlash hamda tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

So‘nggi yillarda madaniy merosni asrash va uni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali ommalashtirish global madaniy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. UNESCO va xalqaro muzey hamjamiyati tarixiy merosni raqamlashtirish, restavratsiya qilish hamda uni xalqaro auditoriyaga yetkazish bo‘yicha davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan mazkur kelishuv Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam sifatida baholanmoqda.

Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatning ko‘p asrlik ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro jamoatchilikka keng tanitish maqsadida barpo etilayotganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, Markazning asosiy vazifasi buyuk allomalar merosini ilmiy asosda o‘rganish, saqlash va uni zamonaviy muzey hamda raqamli texnologiyalar yordamida keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat.

– Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ilm-fani va madaniyati uchun muhim ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanmoqda. Markazning asosiy vazifasi buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni chuqur o‘rganish, saqlash va uni xalqaro jamoatchilikka zamonaviy yondashuvlar asosida yetkazishdan iborat. Bu yo‘lda jahonning yetakchi muzey va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish biz uchun ustuvor vazifalardan biridir. Gonkong Saroy muzeyi bilan imzolangan memorandum ikki muassasa o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi hamda qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar va madaniy almashinuv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi, — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Gonkong Saroy muzeyi direktori doktor Luis Nge esa bir necha oy avval O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida mamlakatda madaniy merosni saqlash va namoyish etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifimiz biz uchun muhim tajriba bo‘ldi. Mamlakatingizda madaniy merosni muhofaza qilish va uni zamonaviy usullarda taqdim etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kelishuv hamkorligimizning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilishiga ishonaman, — dedi doktor Luis Nge.

Imzolash marosimidan keyin ikki muassasa rahbarlari ommaviy axborot vositalari uchun brifing o‘tkazib, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, restavratsiya sohasida tajriba almashish va muzey mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha istiqbolli rejalar haqida ma’lumot berdilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Gonkong Saroy muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Muzey kolleksiyasida Xitoy va jahon sivilizatsiyasi tarixi, qadimiy san’at asarlari, imperatorlik saroyi merosi hamda noyob madaniy boyliklar jamlangan. Delegatsiya muzey fondlarini boshqarish, restavratsiya ishlari va raqamli muzey texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha amaliy tajribalar bilan tanishdi.

Mazkur memorandum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro hamkorlik tarmog‘ini yanada kengaytirish, jahonning yetakchi muzeylari bilan ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro muzey va ilmiy maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bunday hamkorliklar madaniy diplomatiya orqali davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, umuminsoniy merosni asrash va uni kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan global sa’y-harakatlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Shundan so‘ng Gonkong Saroy muzeyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, mamlakatda amalga oshirilayotgan madaniy islohotlar hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy va ma’rifiy faoliyati xalqaro jamoatchilikka taqdim etildi. Taqdimotni ochgan Gonkong Saroy muzeyining Ta’lim va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi rahbari doktor Jorj Ma O‘zbekiston va Xitoyni ko‘p asrlik tarix, Buyuk Ipak yo‘li va umumiy madaniy meros bog‘lab turishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuvlar muzeylar, ilmiy muassasalar va madaniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim platforma hisoblanadi.

Tadbirda Gonkong maxsus ma’muriy hududi Savdo va iqtisodiy rivojlanish byurosining «Bir makon — bir yo‘l» bo‘yicha komissari Nikolas Xo, O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev hamda Gonkong Saroy muzeyi direktori doktor Luis Nge ishtirok etib, keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik asosida izchil rivojlanayotganini qayd etdilar. Ayniqsa, muzeylar hamkorligi, ilmiy tadqiqotlar va madaniy almashinuv dasturlari ikki mamlakat munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, mamlakatning boy madaniy merosi hamda O‘zbekiston–Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan qisqa hujjatli film namoyish etildi.

Shundan so‘ng O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov «O‘zbekiston merosiga ochilgan oyna: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi» mavzusida ma’ruza qildi.

U o‘z chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Markaz nafaqat muzey, balki ilm-fan, ta’lim, madaniy diplomatiya va xalqaro hamkorlikni birlashtiruvchi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma ekanini ta’kidladi.

— O‘zbekiston va Xitoyni ming yillik tarix, Buyuk Ipak yo‘li va sivilizatsiyalar muloqoti bog‘lab turadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan Markaz ana shu umumiy merosni chuqur o‘rganish, asrash va butun dunyoga yetkazishga xizmat qiladi. U kelgusida ikki mamlakatning muzeylari, arxivlari, kutubxonalari va ilmiy muassasalarini birlashtiruvchi muhim xalqaro maydonga aylanadi, — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Ma’ruzada Markaz ekspozitsiyalarining konsepsiyasi, Buyuk Ipak yo‘lining sivilizatsiyalar rivojidagi o‘rni, O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy maktablar, buyuk allomalar merosi hamda zamonaviy muzey texnologiyalari asosida yaratilayotgan ekspozitsiyalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik, qo‘shma ekspeditsiyalar va arxeologik tadqiqotlar natijalari haqida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, qo‘shma ilmiy izlanishlar Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan madaniy aloqalarni yanada chuqurroq o‘rganish imkonini bermoqda va ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kotibi Rustam Jabborov esa «Alisher Navoiy ijodida Xitoy mavzusi» mavzusida ma’ruza qilib, Navoiy asarlarida Xitoy go‘zallik, ilm-fan, hunarmandchilik va yuksak madaniyat ramzi sifatida talqin qilinishi orqali xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik va umuminsoniy qadriyatlar g‘oyasi ifoda etilganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Gonkong Saroy muzeyi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sertifikatlar almashildi. Hujjatlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va Gonkong Saroy muzeyi direktori doktor Luis Nge qabul qilib oldilar.

Shuningdek, tomonlar muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, kitob-alьbomlar nashr etish hamda mutaxassislar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir so‘ngida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Gonkong Saroy muzeyiga «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi kitob-alьbomlar sovg‘a qilindi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.