

Yangiliklar
Mediaforum arafasida Toshkentda to‘qqiz davlatdan kelgan ekspertlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi
Toshkent shahridagi yettita oliy ta’lim muassasasida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda to‘qqiz davlat — Rossiya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Avstriya, Ozarbayjon va Shvetsiyadan tashrif buyurgan 12 nafar xorijiy ekspert ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida zamonaviy jurnalistika va media industriyasi, hujjatli kino, sun’iy intellekt, noshirlik, madaniy diplomatiya, turizm hamda tarixiy-madaniy merosni xalqaro auditoriyaga zamonaviy media vositalari orqali taqdim etish masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy ekspertlar oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, o‘z mamlakatlaridagi media sohasi tajribasi, yangi texnologiyalarning jurnalistikaga ta’siri va zamonaviy auditoriya bilan ishlash usullari haqida fikr almashdilar.
Xususan, DIVI telekompaniyasi prodyuseri Vera Ilina “Yangi Koinot. Islom sivilizatsiyasi markazi” hujjatli filьmi hamda “Qadimgi sivilizatsiyalar sarchashmalari sari” filьmining treylerini taqdim etdi. Tarih TV bosh rejissyori Muxammet Agax Karlaga esa tarixiy voqealar va buyuk allomalar hayoti haqida hujjatli filьmlar yaratishning zamonaviy yondashuvlari xususida so‘z yuritdi.
Milandagi Leonardo da Vinchi muzeyi mutaxassisi Mario Taddei Leonardo da Vinchi kodekslari, uning mashinalari va ixtirolari, qadimgi arab ilm-fanining Yevropa ilmiy tafakkuriga ta’siri haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, uchrashuvda Al-Murodiyning “Sirlar kitobi”da tasvirlangan ilmiy ixtirolarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Media sohasining kelajagiga bag‘ishlangan sessiyalarda The London Post asoschisi Raza Said raqamli davrda jurnalistikaning rivojlanishi, auditoriya ishonchi va zamonaviy jurnalistlarga qo‘yilayotgan kasbiy talablar haqida fikr bildirdi. Aju News Corporation vakili Li Djungvu Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari tajribasi hamda global raqamli auditoriya bilan ishlash usullari bilan tanishtirdi.
Noshirlik yo‘nalishida Müller & Schindler prezidenti Sharlotta Kramer raqamli kontent va yangi media ta’sirida an’anaviy noshirlik sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlarga to‘xtaldi. Mega Basım boshqaruvi raisi Xasanbey Kondu esa islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy kitob nashri orqali targ‘ib qilish, shuningdek, sun’iy intellektning kitob tayyorlash va nashr etish jarayonlaridagi imkoniyatlari haqida so‘zladi.
Uchrashuvlarda madaniy diplomatiya, xalqaro axborot hamkorligi va turizm masalalari ham muhokama qilinib, media vositalari orqali O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy salohiyatini xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shu tariqa, mediaforum oldidan tashkil etilgan ushbu uchrashuvlar xorijiy media va ijodiy soha vakillari bilan o‘zbek yoshlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, xalqaro tajriba almashish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim platforma bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 davlatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar hamjamiyati vakillari — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, xalqaro nashrlar va raqamli platformalar vakillari, shuningdek, ekspert va ijodiy soha namoyandalari ishtirok etmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.