Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

BMT Bosh qarorgohida maxsus taqdimotlarni o‘tkazish masalalari o‘rganildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi va buyuk allomalar ilmiy-ma’naviy xazinasini jahon hamjamiyatiga keng namoyon etishga qaratilgan muhim tashabbusning amaliy jihatlari Nyu-Yorkda o‘rganildi. Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlarni BMT Bosh qarorgohida o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida qator tashkiliy va texnik masalalar ko‘rib chiqildi.

Avval xabar berilganidek, mazkur maqsadda AQShga tashrif buyurgan ishchi guruh BMT Bosh qarorgohida rejalashtirilayotgan xalqaro tadbirni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi.

Ma’lumki, maxsus taqdimotlarni xalqaro maydonda o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan edi. Tashrif davomida ushbu tashabbusni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq aniq vazifalar muhokama qilindi.

Yaqinda ishchi guruh BMT Bosh Assambleyasi va Konferensiyalar boshqaruvi departamentining Markaziy rejalashtirish va muvofiqlashtirish bo‘limi sektor boshlig‘i Sin Tong-Mayvald xonim bilan uchrashdi.

Uchrashuvda BMT Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro tadbirning maqsad va vazifalari, mazmun-mohiyati hamda tashkiliy jihatlari muhokama qilindi. Ishchi guruh rahbari Komiljon Shermuxamedov tadbir konsepsiyasi loyihasini taqdim etib, rejalashtirilayotgan konferensiyaning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

BMT vakili Sin Tong-Mayvald xonim esa konferensiyani o‘tkazish uchun mavjud zallar va ularning imkoniyatlari bo‘yicha takliflarini bildirdi. Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflar asosida konsepsiyani yanada takomillashtirish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, BMTning Operatsion qo‘llab-quvvatlash departamenti Maxsus tadbirlar bo‘limi mas’uli Nagi Nasr bilan ishchi tartibda uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda BMT Bosh qarorgohida maxsus ko‘rgazmani tashkil etishning texnik jihatlari muhokama qilindi.

Nagi Nasr ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan ko‘rgazma konsepsiyasining dastlabki loyihasi bilan tanishib, BMT Bosh qarorgohida ekspozitsiyani joylashtirish mumkin bo‘lgan maydonlar va ularning texnik imkoniyatlari haqida ma’lumot taqdim etdi.

Ishchi guruh a’zolari Nagi Nasr ishtirokida ko‘rgazma, konferensiya va rasmiy qabul marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan joylarni ham ko‘zdan kechirdi. Ularning texnik imkoniyatlari, mavjud infratuzilmasi va tadbirlarni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar o‘rganildi.

Shu tariqa, BMT Bosh qarorgohida O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalar merosi va ilmiy-ma’rifiy salohiyatini namoyish etishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha muhim tashkiliy va texnik masalalar oydinlashtirildi.

Tashrif doirasida AQShning boshqa shtatlarida ham Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati hamda buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlarni o‘tkazish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Bu tashabbus O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, buyuk allomalarimizning jahon ilm-fani va ma’naviy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini global auditoriyaga yetkazish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.