Malayziya shahzodasi Toshkentda: “Bu — O‘zbekistonning butun dunyoga taqdim etgan eng yaxshi sovg‘asi”
Malayziyaning Perlis shtati shahzodasi Sayid Fayzuddin Putra ibn Tuanku Sayid Sirojiddin Jamalullayl O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mualliflik g‘oyasini O‘zbekistonning butun dunyoga taqdim etgan eng yaxshi sovg‘asi, deya e’tirof etdi.
Shahzoda Sayid Fayzuddin Putra ibn Tuanku Sayid Sirojiddin Jamalullayl boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida muzey ekspozitsiyalari orqali Markaziy Osiyo hududidagi islomdan avvalgi davrlardan boshlangan tarixiy jarayonlar, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, buyuk allomalar merosi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatning yuksalishi hamda zamonaviy O‘zbekistongacha bo‘lgan sivilizatsion jarayon bilan tanishdilar.
Shahzoda Sayid Fayzuddin Markazdagi tashrifidan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, uni nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon dunyosi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan maskan sifatida ta’rifladi.
Prezidentga, O‘zbekiston hukumatiga va xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Bu haqiqatan ham ajoyib va betakror Islom sivilizatsiyasi markazi. Menimcha, ayniqsa, musulmon sifatida bunday markaz mavjudligidan barchamiz faxrlanishimiz kerak. Bunday maskanning go‘zal O‘zbekistonda barpo etilgani quvonarli. Menga, ayniqsa, bu yerdagi yaxlit konsepsiya — islomdan avvalgi davrdan boshlanib, Amir Temur davri sivilizatsiyasi va bugungi O‘zbekistongacha bo‘lgan taraqqiyot jarayonining izchil va ta’sirchan namoyish etilgani juda yoqdi. Bu maskan orqali mamlakat ruhini his qilish mumkin. O‘zbekiston xalqi qanday qilib birgalikda yangi, yanada farovon va hamjihat jamiyat barpo etish yo‘lidan borayotganini anglash mumkin. Yoshlar, albatta, bu yerga kelib, o‘tmishda qanday bo‘lganingizni, bugun qayerda turganingizni va kelajakda mamlakatingiz uchun nimalar qilishni istashingizni his etishlari va anglashlari kerak. Men uchun buni bir so‘z bilan ifodalash mumkin: bu — O‘zbekistonning butun dunyoga taqdim etgan eng yaxshi sovg‘asi, – dedi Malayziya shahzodasi.
Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov tomonidan Malayziya delegatsiyasi a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Kelishuv Markazning xalqaro ilmiy, madaniy va ma’rifiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish hamda tarixiy va madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochishi kutilmoqda. Muloqot chog‘ida Malayziyada ham 4 masxabga ega muzey tashkil etilishi va unga O‘zbekiston olimlari hamkorlikka jalb qilinishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may sanasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yirik va tarixiy voqeaga mezbonlik qilgan — Malayziya Qirolichasi Oliy Hazratlari Radja Zarit Sofiyaning tashrif buyurgan. Bu tashrif O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik umumiy ma’naviy va ilmiy qadriyatlarga tayangan holda yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat.






