114 Qur’on, buyuk allomalar merosi va noyob bitiklar: O‘zbekiston nashrlari 32 mamlakat ishtirokidagi Boku xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilmoqda
114 Qur’on, buyuk allomalar merosi va noyob bitiklar: O‘zbekiston nashrlari 32 mamlakat ishtirokidagi Boku xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining buyuk allomalar merosi, tarixiy qo‘lyozmalar va mamlakatning ko‘p asrlik madaniy taraqqiyotiga bag‘ishlangan nashrlari Ozarbayjon poytaxtida o‘tayotgan XII Boku xalqaro kitob yarmarkasida namoyish etilmoqda. Yarmarkada 32 mamlakatdan 59 ta xorijiy hamda 148 ta mahalliy nashriyot va tashkilot ishtirok etmoqda.
Ozarbayjon Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjuman xalqaro nashriyotchilik tajribasi bilan tanishish, yangi adabiyotlarni taqdim etish va kitob sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Boku Ekspo markazida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida», «O‘zbekistonning 114 Qur’oni», «Tarixiy obidalardagi bitiklar», «Markaziy Osiyo: umumiy meros – umumiy kelajak» va «Uchinchi Renessans» kabi kitoblar yarmarka ishtirokchilari e’tiboriga havola etilmoqda.
Mazkur nashrlar O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy maktablar, qo‘lyozma an’analari, me’moriy yodgorliklar va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shilgan tarixiy hissani turli yo‘nalishlarda yoritadi.
Ayniqsa, ushbu nashrlarni xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etish ularning xorijiy tadqiqotchilar, noshirlar va keng kitobxonlar jamoatchiligiga yetib borishi uchun yangi imkoniyat yaratmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Boku xalqaro kitob yarmarkasidagi ishtirokning ahamiyati, Markazning ilmiy-nashriyotchilik faoliyati va milliy merosni jahonga tanitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.
Avvalo, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va jahonga tanitish uchun keng imkoniyatlar yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazi bugun xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘layotgan yirik ilmiy-ma’rifiy platformaga aylanmoqda. Ayni paytda Markazda qariyb 130 ta yangi kitob va ilmiy nashr tayyorlanmoqda, yetakchi olimlarimiz ishtirokida qator yangi ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda.
Boku xalqaro kitob yarmarkasidagi ishtirokimiz ham ana shu ishlarning amaliy ifodasidir. Bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonning bebaho ilmiy-madaniy merosini dunyoga tanitish, uni xalqaro ilmiy muomalaga olib chiqish va kelajak avlodlarga yetkazishdir.
Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov yarmarkadagi ishtirok yuzasidan fikr bildirar ekan, O‘zbekiston nashrlari va mamlakat kitobchilik sohasiga bo‘lgan qiziqishni alohida ta’kidladi.
Yarmarkada juda ko‘plab davlatlar, turli nashriyotlar va xalqaro tashkilotlar o‘z kitoblari bilan ishtirok etmoqda. Olimlar, shoirlar, yozuvchilar va kitob ishqibozlari tashrif buyurib, taqdim etilayotgan nashrlar bilan tanishmoqda. O‘zbekistondagi kitob nashriyoti va noshirlik mahsulotlariga ham qiziqish katta. Ayniqsa, bolalarning kitoblarimizga qiziqish bildirishi quvonarli. Shu bilan birga, yarmarka doirasida turli sessiyalar va sho‘’ba yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, «Ozarbayjon qo‘lyozmalari dunyo kutubxonalarida» mavzusidagi tadbirda turli millat vakillari ishtirok etmoqda, — dedi Rustam Jabborov.
Qozog‘iston Qo‘lyozmalar instituti direktori Ixtiyor Paltore ham tarixiy merosni o‘rganish va xalqaro kitob yarmarkalarida ishtirok etishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Qadim-qadimdan ota-bobolarimiz bizga boy kitobiy meros qoldirgan. Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimizdan meros bo‘lib qolgan asarlarni chuqur o‘rganishimiz zarur.
Bunday ko‘rgazmalarda ishtirok etish tariximizga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshiradi. Biz ham o‘z chiqishlarimiz bilan ishtirok etdik, turli mamlakatlardan kelgan insonlar bilan tanishdik. Albatta, bunday uchrashuvlar kelgusida hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Turli davlatlar vakillari, kutubxonalar hamda qo‘lyozmalar institutlari bilan hamkorlik qilish orqali tarixiy merosimizni yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qilamiz, — dedi Ixtiyor Paltore.
Mazkur mavzudagi ilmiy muloqotlar qo‘lyozmalarni tadqiq etish, tarixiy manbalarni saqlash va milliy madaniy merosni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish masalalari bilan hamohangdir.
Bu esa Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy faoliyat yo‘nalishlari — tarixiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, allomalar merosini tadqiq etish va ilmiy natijalarni keng auditoriyaga yetkazish bilan bevosita bog‘liq.
Xalqaro tashkilotlar, noshirlar va ilmiy muassasalarning bir maydonda ishtirok etishi kitoblarni namoyish qilish bilan cheklanmay, ularni tayyorlash, ilmiy tahrirdan o‘tkazish, tarjima qilish va turli mamlakatlar auditoriyasiga yetkazish bo‘yicha tajriba almashish uchun ham imkoniyat yaratadi.
Bu jihat O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida ahamiyatga ega. Zero, Markazning ilmiy-nashriyotchilik faoliyati buyuk allomalar merosini o‘rganish, tarixiy manbalarni ilmiy asosda yoritish va ularni zamonaviy kitoblar orqali ommalashtirishga yo‘naltirilgan.
Markaz tomonidan namoyish etilayotgan nashrlar ham tarixiy bilimlarni ilmiy tadqiqot doirasidan kengroq auditoriyaga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, Markazning Boku yarmarkasidagi ishtiroki nafaqat kitoblar taqdimoti, balki milliy ilmiy merosni xalqaro madaniy-ma’rifiy muloqotga olib chiqishga qaratilgan tashabbus hamdir.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlarining XII Boku xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilishi milliy ilmiy-ma’naviy merosni zamonaviy kitobchilik vositalari orqali dunyoga tanitishga qaratilgan faoliyatning navbatdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
XII Boku xalqaro kitob yarmarkasining xalqaro ekspozitsiyasi 25 oktyabrga qadar davom etadi.





