Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Fikr-mulohazalar

Dildora Rustamova

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, suxandon

Bisotimdagi so‘zlar taassurotlarimni to‘liq ifodalab berishga go‘yo kifoya qilmayotgandek. Islom sivilizatsiyasi markazi haqida bevosita efir orqali ma’lumot berib borganimizda, qalbimda bir orzu paydo bo‘lgan edi — ushbu markazga kelib, uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish, zallardagi har bir eksponat bilan yaqindan tanishish va ular haqida batafsil ma’lumot olish. Bugun ana shu orzuim ushaldi.

Tariximiz naqadar boy ekanini bilardim, ammo bu qadar ulkan va serqirra merosga ega ekanligimizni his etish qalbimda mutlaqo yangi tuyg‘ularni uyg‘otdi. Shu qadar buyuk va ulug‘ ajdodlarning avlodlari ekanligimiz yana bir bor yuragimizda faxr tuyg‘usini mustahkamladi.

Markazda namoyish etilayotgan eksponatlar, ayniqsa ularning aksariyati aynan o‘z yurtimizga tegishli ekani inson qalbiga alohida shukuh va iftixor bag‘ishlaydi. Bu boyliklarning aynan shu maskanda jamlangani esa insonni shukronalik tuyg‘usiga chorlaydi. Har bir zalni katta qiziqish va zavq bilan tomosha qildim. Bu yerdagi barcha ma’lumotlar va eksponatlar bilan to‘liq tanishib chiqish uchun bir kun yetarli emasligini angladim. Ayniqsa, hunarmandchilikka oid eksponatlar orqali ajdodlarimizning turmush tarzi va ulardan qanday foydalanganini go‘yo yaqindan his etgandek bo‘ldim.

Bundan tashqari, markazda zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanilgani alohida e’tiborga loyiq. Ushbu texnologiyalar yordamida ajdodlarimiz siymosi jonlantirilib, ular haqida ma’lumotlar bir necha tillarda taqdim etilmoqda. Bu esa ayniqsa yoshlar uchun juda qiziqarli va tushunarli format hisoblanadi. Shu tariqa, berilgan ma’lumotlar ularning xotirasida yanada mustahkam saqlanishiga xizmat qiladi.

Agar ushbu maskanga tashrif buyurishning asosiy sabablarini sanab o‘tadigan bo‘lsam, avvalo, markazning yuragi hisoblangan gumbaz ostida joylashgan Usmon mus'hafini ko‘rish uchun kelishi kerak. Shuningdek, 3000 yillik boy tariximizni chuqurroq anglash va uni ma’lum ma’noda his etish uchun ham bu yerga tashrif buyurish juda muhim. Yana bir muhim jihat — Amir Temur davrida Umar Aqto tomonidan bitilgan Qur’oni karimning asl nusxasini ko‘rish imkoniyatidir.

Shu bois, barcha yurtdoshlarimizni ushbu maskanga tashrif buyurishga chaqiraman. Oilaviy tarzda kelib, farzandlar va ota-onalar bilan birgalikda bu yerdagi boy tarix va meros bilan tanishish har birimiz uchun ham zarur, ham sharaflidir.

Dildora Rustamova