
Fikr-mulohazalar
Radiy Xabirov
Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari
Men bir necha yildan beri Oʻzbekistonda bunday ulkan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilayotgani haqida eshitib yurganman. Taxminan olti oy avval bino tashqi koʻrinishini koʻrganimda ham hayratga tushgan edim. Ammo hozir bu yerning ichki mazmunini koʻrib, oʻsha taassurotlarim yanada chuqurlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaz haqidagi fikrlarini oʻqib qoldim: “Markazning asosiy vazifasi — Islomning haqiqiy gumanistik va maʼrifiy mohiyatini koʻrsatishdir.” Bu juda chuqur va dolzarb yondashuv. Bugun bu fikrning nechogʻli toʻgʻri ekani oʻz tasdigʻini topdi.
Hali Markaz rasmiy ochilmagan boʻlishiga qaramay, uni koʻrish imkoniyatiga ega boʻlganimdan minnatdorman. Rostini aytsam, hayotimda bundan ajoyibroq ilmiy-maʼrifiy majmuani koʻrmaganman.
Bu yerda zamonaviy texnologiyalar bilan klassik muzey sanʼati juda uygʻunlashgan. Ayniqsa, bolalar uchun yaratilgan interaktiv vositalar alohida eʼtiborga loyiq — bu bugungi avlod tarbiyasi uchun nihoyatda muhim.
Meni ayniqsa “Islomdan avvalgi davr” boʻlimi qiziqtirdi. Chunki oʻsha davrlarga oid topilmalarni saqlash va namoyish qilish juda murakkab ish. Biroq bu yerda miloddan avvalgi ming yilliklarga oid eksponatlar bor. Insoniyat taraqqiyotining ilk bosqichlari juda puxta yoritilgan.
Shuningdek, men uchun shaxsan qadrli boʻlgan mavzu — Amir Temur va Temuriylar davri. Oʻzbekistonda shu davrga oid juda koʻp yodgorliklarni koʻrganman va ularni oʻzim alohida oʻrganib kelaman.
Albatta, Markazning durdonasi — Usmon Qurʼoni. Bu Qurʼonning bir necha yil davomida Ufa shahrida saqlangani bizning tariximizning bir boʻlagi. Turkiston xalqlari murojaat qilganidan soʻng, biz uni tarixiy adolat yuzasidan oʻz joyiga qaytardik. 1920 yillar boshlaridan boshlab Toshkentga koʻchirilgan bu bebaho nusxa bugun Markazning eng ulugʻ yodgorligidir.
Tashrif davomida muzey direktori bilan ilmiy va madaniy hamkorlik boʻyicha kelishuv tuzishga kelishdik. Markaz ochilgach, biz amaliy hamkorlikni boshlaymiz. Boshqirdistondan muzey mutaxassislarini yuboramiz, tajriba almashamiz — chunki har qanday katta muzey avvalo ilmiy markazdir.
Ochigʻi, men bugun koʻrganlarimdan xulosa qildim: Toshkentda haqiqiy turistik durdona paydo boʻlgan. Oʻzbekistonga kelgan har bir inson aynan shu Markazni koʻrishi shart. Hatto 2–3 kunlik safar boʻlsa ham, kamida bir kunni shu yerga bagʻishlash kerak. Chunki bunday maskanlar odamning tafakkurini oʻzgartiradi, yoshlar uchun esa ulkan maktabdir.
