Fikr-mulohazalar

Javdat Yilmaz

Javdat Yilmaz

Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti

Biroz avval yangi bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Aytishim kerakki, bu nihoyatda muhtasham maskan ekan. Haqiqatan ham, barchamiz juda katta taassurot oldik.

Bu yerda uch Renessans davri — Birinchi Renessans, ya’ni ilk ma’rifiy yuksalish, Ikkinchi Renessans hamda bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti nihoyatda go‘zal va ta’sirchan tarzda namoyish etilgan.

Markaz o‘tmish, bugun va kelajakni o‘zaro bog‘lovchi betakror maskanga aylangan. U, bir tomondan, yosh avlodga tarixiy meros va qadriyatlarni yetkazsa, ikkinchi tomondan, kelajak avlodlar oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yishga undaydigan mazmunga ega.

Avvalo, hurmatli davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga hamda ushbu ulug‘vor maskanning bunyod etilishiga hissa qo‘shgan barcha insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston, ayniqsa, ulkan o‘zgarish va yangilanish jarayonini boshdan kechirdi. Albatta, bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani yo‘q. Ularning ortida kuchli siyosiy iroda va samarali boshqaruv turibdi. Bu — hurmatli davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdir.

U kishi dadil va jasorat bilan islohotlarni amalga oshirib, O‘zbekistonni iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro maydondagi mavqei jihatidan ancha yuqori bosqichga olib chiqdi. Bu jarayon izchil davom etadi. Ishonchim komilki, kelgusi yillarda O‘zbekistonni iqtisodiyotda ham, ilm-fanda ham, boshqa ko‘plab sohalarda ham juda yuksak marralarda ko‘ramiz.

Turkiyada ham xuddi shunday ulkan o‘zgarishlarni Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdog‘an amalga oshirdi. Ochig‘ini aytganda, ikki davlat rahbari bir-biriga juda o‘xshaydi. Har ikkisi ham kuchli, qat’iyatli, o‘z mamlakati iqtisodiyotini rivojlantirayotgan va xalq farovonligini oshirayotgan yetakchilardir. Ular islohotlardan cho‘chimaydigan, yangilanish va o‘zgarishlarga ochiq rahbarlardir.

Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi nihoyatda mustahkam muloqot va yaqin hamkorlik barcha ishlarimizga katta kuch bag‘ishlamoqda. Shu bois bunday yetakchilarga ega ekanimizni katta baxt deb bilaman.

Bu — bizning mushtarak tariximiz, mushtarak madaniyatimizdir. Shu yerda ekanimdan nihoyatda baxtiyorman. O‘zbekiston xalqiga butun Turkiyadan samimiy salomlar olib keldik. Barchaga eng ezgu tilaklarimni bildiraman