
Fikr-mulohazalar
Pedro Vargas David
"Euronews" mediaxoldingi direktorlar kengashi raisi
Avvalo, ushbu Markazga ilk bor tashrif buyurayotganim men uchun katta sharaf va ulkan mamnuniyat ekanini ta’kidlamoqchiman. Bugun ko‘rganlarim chindan ham hayratlanarli taassurot qoldirdi. Hech ikkilanmasdan ayta olamanki, bu insoniyat tomonidan so‘nggi o‘n yilliklarda yaratilgan eng yaxshi muzeylardan biridir.
Bu maskan nafaqat Toshkent, O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat uchun ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan noyob joydir. Bu yerda nihoyatda boy merosga ega mamlakat tarixi o‘z aksini topgan. Eng muhimi esa, siz bu tarixning o‘tmishdan bugungi kungacha uzviy davom etayotganini his qilasiz. Mamlakat o‘z kelajagini aniq tasavvur qilayotgani va uni bugunning o‘zida barpo etayotganini anglaysiz.
Dunyo ahli hali O‘zbekiston haqida juda ko‘p yangi jihatlarni kashf etishi kerak. Buyuk ipak yo‘lining Sharq va G‘arb chorrahasida joylashgan ushbu yurt ko‘pchilik uchun go‘yo orzular mamlakatiday tuyuladi. Odamlar Samarqand va Buxoro haqida orzu qiladi, biroq ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish hamma uchun ham nasib etmagan.
Menimcha, ushbu Markaz insonni mamlakat tarixining turli davrlari bo‘ylab sayohat qildiradi va bularning barchasini yagona makonda ko‘rsatib beradi. Agar kimdir O‘zbekiston bilan ilk tanishayotgan bo‘lsa, sayohatini aynan shu yerdan boshlashi kerak. Agar Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda bo‘lib ulgurgan bo‘lsa, safarini aynan shu Markazda yakunlagani ma’qul. Chunki bu yerda mamlakat tarixining yaxlit manzarasi jamlangan.
Shuningdek, bu Markaz kelajak avlodlar uchun ham ilhom manbaiga aylanishiga ishonaman. Bu yerda ko‘plab bolalarni ko‘rdik va bu juda muhim. Hech bir davlat o‘z tarixini anglamasdan va hurmat qilmasdan kelajak qura olmaydi. Aynan shunday maskanlar insoniyatga o‘tmishdan saboq olib, kelajak uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi.
