
Fikr-mulohazalar
Ahmad Ibrohim Hasanot
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh muftiysi
Biz bu yurtda ilm-fan va diniy-ma’rifiy sohada yuksak taraqqiyotga guvoh bo‘ldik. Bu bejiz emas, chunki mazkur zamin arab va islom sivilizatsiyasi, shuningdek, islom tarixi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yurtdir.
Bu Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Taftazoniy kabi buyuk allomalar vatani. Ular islom ummati tarixida diniy-ma’naviy va ilmiy sohalarda beqiyos xizmat qilganlar. Shuningdek, bu zaminda tibbiyot, matematika, algebra, falsafa va boshqa aniq fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy va boshqa ko‘plab buyuk olimlar yetishib chiqqan.
Bugun biz Iordaniyada O‘zbekistonni o‘zimizga qardosh va yaqin mamlakat deb bilamiz. Bu forum doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan musulmon ulamolari bilan uchrashish biz uchun katta mamnuniyatdir. Safarimiz davomida, inshaalloh, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Iordaniya Diniy fatvo boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaymiz. Ushbu hamkorlik fatvo sohasida, shuningdek, ekstremizm, g‘uluv, mutaassiblik va islom mohiyatiga zid har qanday og‘ishlardan xoli bo‘lgan mo‘tadil islomni targ‘ib qilish yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda juda ko‘p islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi buning yorqin namunasidir. U yerda O‘zbekiston hududidagi sivilizatsiya tarixi — tosh davridan boshlab, islomdan avvalgi va islom davri, Xorazmshohlar, Saljuqiylar va boshqa davlatlar tarixi ham keng yoritilgan.
Bugun biz bu yerda islomga, ilmga va ma’rifatga bo‘lgan kuchli intilishni ko‘ryapmiz. Bu nafaqat O‘zbekiston jamiyati, balki Markaziy va Sharqiy Osiyodagi boshqa musulmon xalqlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ikki qardosh xalq va ikki do‘st davlat rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam, samarali va izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, madaniy va diniy sohalarda muntazam o‘zaro tashriflar amalga oshirilmoqda.
Fursatdan foydalanib, sizlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Alloh taolo sizlarni barakali qilsin, xizmatlaringizni qabul etsin, sizlarga va ota-onangizga mag‘firat ato etsin. Alloh yurtingizni, xalqingizni, tinchligingizni, farzandlaringizni va oilalaringizni O‘z panohida asrasin.
