
Fikr-mulohazalar
Talg‘at Safa Tojiddin
Rossiya musulmonlari Markaziy diniy boshqarmasi raisi, Shayxulislom
O‘zbekiston qadimiy tarix kitoblarida Bilodul Movarounnahr nomi bilan tilga olinadi.
Bu yurt nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri sifatida mashhur. Uning xalqi esa ana shu buyuk merosi bilan haqli ravishda faxrlanadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi kabi ulug‘vor inshootlarning barpo etilishi haqiqatdan ham hayratlanarli va quvonarli hodisadir.
Imom Buxoriy hazratlarining Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislarini jamlagan asari Qur’oni karimdan keyingi eng ulug‘ kitoblardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Biroq bu faqatgina binolar emas. Men o‘zim ham bu yerda 60-yillarda tahsil olganman. Bugun esa o‘sha yillarda birga o‘qigan sinfdoshlarimning buyuk ma’rifatparvar Ziyovuddinxon Boboxon hazratlari yo‘lini munosib davom ettirib, Yangi O‘zbekistonning yangi yuksalishiga munosib hissa qo‘shayotganini ko‘rib, beqiyos mamnunman.
Sivilizatsiya xalq yaratadigan buyuk qadriyatdir. Zero, inson Alloh taoloning yer yuzidagi xalifasidir.
Bu har bir insonga ham, har bir xalqqa ham taalluqlidir. Islom sivilizatsiyasi markazining ushbu birinchi xalqaro forumi ham bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu oson emas, juda murakkab davr. Bugun sivilizatsiyamiz va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimiz orqali dunyo xalqlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishimiz zarur.
Bu oilada ham, kundalik hayotimizda ham, xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ham nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident tomonidan ilgari surilayotgan bu ezgu tashabbuslar nafaqat bag‘rikenglikni, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz va umid qilamiz.
Buning uchun esa, shubhasiz, ma’rifat kerak. Ajdodlarimiz asrlar davomida yaratgan boy ma’naviy merosni qayta tiklashimiz lozim. Ular bu qadriyatlarni hayotga tatbiq etganlar. Endi esa quyoshli O‘zbekistonda, islom olamining eng qadimiy va muborak zaminida yana bir bor jam bo‘lib, Imom Moturidiy va boshqa ulug‘ mutafakkirlar ta’limoti asosida bu merosga yangicha nigoh bilan qarashimiz zarur.
Shu fursatdan foydalanib, o‘z nomimdan va mamlakatimiz musulmonlari nomidan muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat hamda ma’naviy qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, Vatanga muhabbatni yuksaltirish, yurtimizda va butun dunyoda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi ezgu ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
