

Yangiliklar
Germaniya elchisi: “Haqiqatan ham jahon miqyosidagi buyuk loyiha”
Toshkentda yaqinda ochilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa fursatda jahon nigohini o‘ziga qaratdi. Ming yillik tarix, noyob artefaktlar va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan ushbu maskan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan bo‘lib, bugun nafaqat muzey, balki global ilmiy va ma’naviy markaz sifatida shakllanmoqda. Shuningdek, xalqaro jamoatchilik tomonidan mamlakat madaniy-ilmiy hayotida muhim voqea sifatida baholanmoqda.
Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer ham Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanisharkan, bu e’tiroflar bejiz emasligiga guvoh bo‘ldi.
Mehmon har bir ekspozitsiyani katta qiziqish bilan kuzatar ekan, Markazning ilmiy mazmuni va taqdimot uslubi unda chuqur taassurot qoldirdi.
Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida namoyish etilgan Bronza davriga oid, Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy dunyoqarashi va mifologik tafakkurini o‘zida mujassam etgan, Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga olib kelingan 3000 yillik tarixga ega noyob bronza bug‘u haykali va samoviy otlar tarixi elchining alohida e’tiborini tortdi. Ushbu eksponatlar orqali qadimiy sivilizatsiyalar dunyoqarashi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik g‘oyasi juda ta’sirchan aks ettirilgani qayd etildi.
Birinchi Renessans davri ekpsozitsiyasida esa Samarqand qog‘ozi namunalari, Ka’ba kisvasi va astronomik asboblar — usturloblar elchining e’tiborini tortdi. Ushbu ekspozitsiyalar orqali ilm-fan va ma’rifatning yuksak bosqichga chiqqanini, islom sivilizatsiyasida bilim olishga bo‘lgan ehtirom nechog‘lik baland bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyada Amir Temur davlati va uning madaniy-ilmiy muhiti keng yoritilgani mehmonda chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, saroy kutubxonasi va buyuk sarkarda haqida nemis tilida yozilgan manbalar Germaniya elchisini alohida qiziqtirdi. U mazkur jihat orqali tarixiy aloqalarning uzviyligi namoyon etilganini qayd etdi.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti, davlat rahbarlari faoliyati va strategik yo‘nalishlar keng yoritilgan. Ayniqsa, yoshlarga bag‘ishlangan bo‘lim, ularning yutuqlari va imkoniyatlari elchida katta taassurot qoldirdi. Ushbu ekspozitsiya orqali mamlakat kelajagi aynan bilimli va salohiyatli yoshlar bilan bog‘liq ekani yaqqol namoyon bo‘lgani ta’kidlandi.
Qur’oni karim zali esa elchini alohida to‘lqinlantirdi. Zaldagi mepping gologramma, noyob me’moriy yechim, 45 tonna vaznga ega qandil va pushti marmar toshlarning uyg‘unligi bu makonga o‘ziga xos ulug‘vorlik bag‘ishlagani alohida qayd etildi.
Manfred Huterer, Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
— Bu mening Markazga birinchi tashrifim va u menda juda katta taassurot qoldirdi. Menimcha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu markaz haqiqatan ham jahon miqyosidagi buyuk loyihadir.
Bu yerda siz o‘z ildizlaringizni — islom sivilizatsiyasi va o‘zbek sivilizatsiyasi ildizlarini namoyon etyapsiz. Markazda juda ko‘p noyob xazinalar jamlangan bo‘lib, ularning ayrimlari hatto chet davlatlardan qaytarib olib kelingan.
Menimcha, bu Markaz nafaqat tarix haqida, balki kelajak haqida hamdir. Birinchi, Ikkinchi va Uchinchi Renessans g‘oyalari orqali inson kapitali, ta’lim va ma’rifatning ahamiyati alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, bu yerda tinchlik g‘oyalari ilgari surilgan. Islom — tinchlikparvar din ekani yana bir bor namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik siyosati ham juda ta’sirli namunadir.
Ishonchim komilki, bu markaz O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo xalqlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, xorijiy mehmonlar, siyosatchilar va delegatsiyalar uchun ham muhim maskanga aylanadi. Yaqin oylarda Germaniyadan keladigan delegatsiyalarni albatta shu yerga olib kelamiz.
Toshkentga kelgan har bir inson bu markazni albatta ziyorat qilishi kerak. Bu yerga tashrif buyurish men uchun katta sovg‘a bo‘ldi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.