O‘zbekiston Amir Temur merosini o‘rganish bo‘yicha global markazga aylangani buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya yakunlari bilan yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. 25 mamlakatdan tashrif buyurgan 300 dan ortiq ekspert O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga jamoaviy murojaat yo‘lladilar. Unda davlat rahbariga nufuzli forumni yuksak xalqaro darajada tashkil etgani uchun chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik izhor etildi. Ishtirokchilar konferensiya Buyuk Temuriylar davri merosini har tomonlama o‘rganish, anglash va targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi muhim global maydonga aylanganini alohida ta’kidladilar.