
Fikr-mulohazalar
Anar Alekperov
Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining yordamchisi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, qisqa muddatda erishilgan natijalarga guvoh boʻldik. Nega ʼqisqa muddatʼ deyman? Chunki ekspozisiyalar boʻylab yurganingizda, bunday ulkan ishlarni yaratish uchun odatda oʻnlab yillar talab etiladi, degan fikr oʻz-oʻzidan paydo boʻladi.
Markaz mutaxassislari kontent ustida yillar davomida jonbozlik bilan mehnat qilgani yaqqol seziladi. Taqdim etilgan materiallarni diqqat bilan koʻrib chiqdim — binoning arxitekturasi ham, ekspozisiyalarning har bir elementi ham haqiqatan hayratlanarli.
Bunday maskanni barpo etgan barchaga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Biz koʻp mamlakatlarda sayohat qilganimizda shunday inshootlarga havas bilan qarardik, ʼbizda ham shunaqasi boʻlsa ediʼ, deb oʻylardik. Bugun esa Prezidentingiz tashabbusi bilan bu orzu roʻyobga chiqdi va betakror markaz barpo etildi.
Ishonchim komilki, markazning diniy-maʼnaviy ahamiyati beqiyos. Biroq bu yerga kelgan har bir inson — kichik boladan tortib, ilmiy izlanish olib borayotgan mutaxassislargacha — oʻzi uchun juda koʻp qiziqarli maʼlumot topadi. Fikrimcha, Toshkentga keladigan sayyohlar uchun ham bu maskan eng muhim madaniy yoʻnalishlardan biriga aylanadi.
Yana bir bor sizlarni bu ulkan bunyodkorlik bilan tabriklayman.
