
Fikr-mulohazalar
Mahmud Erol Qilich
Islom tarixi, madaniyati va san’atini o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz (IRCICA) bosh direktori
Bizning tashkilotimizga dunyoning 57 davlati a’zo bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning o‘z o‘rni bor. Chunki O‘zbekiston Islom olamining eng buyuk allomalari tug‘ilgan zamin. Mislsiz kashfiyotlar, madaniy yodgorliklar, boy tarix va ulkan sivilizatsiyalar maskani. Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqatan ham mukammal bino sifatida barpo etilgan. Bu nafaqat O‘zbekiston yoki musulmon dunyosi, balki butun insoniyat uchun juda katta madaniy yutuqdir.
Markazda an’anaviy hunarmandchilik namunalari: naqshkorlik, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura, xattotlik kabi barcha san’at turlari juda yuksak darajada namoyish etilgan. Bu yerda asrlar davomida saqlanib kelayotgan an’analarning davomi yaqqol ko‘rinadi. Islom sivilizatsiyasi ilm-fan, falsafa, matematika, astronomiya va tasavvuf kabi sohalarda buyuk allomalarni yetishtirgan sivilizatsiyadir. Bu markaz esa ana shu boy merosni jamlab, uni kelajak avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga, afsuski, bugungi kunda Islom olamida ilm, san’at va falsafaning uyg‘unligi ba’zi joylarda yetarlicha saqlanmagan. Ilgari Islom sivilizatsiyasida Ibn Sino, Beruniy, Moturidiy, Imom Buxoriy, Ali Qushchi kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning barchasi yagona sivilizatsion merosning ajralmas qismidir. Bugun esa shu merosni qaytadan to‘g‘ri anglash va yosh avlodga yetkazish juda muhim.
