
Fikr-mulohazalar
Salim bin Muhammad al-Malik
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori
Men ushbu Markazni avval g‘oya sifatida, so‘ng qurilish jarayonida ko‘rgan edim. Bugun esa uni to‘liq shakllangan holda — tasavvurimdagidan-da yuksakroq darajada barpo etilganiga guvoh bo‘ldim. Bu Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, orzusi va uzoqni ko‘zlagan strategik qarashlari samarasidir. Orzu ro‘yobga chiqqanida, u nafaqat o‘sha orzuni ilgari surgan inson, balki butun xalq uchun faxr manbaiga aylanadi. Bugun bu Markaz bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom dunyosi faxrlansa arziydi.
Bu maskan islom sivilizatsiyasining boy merosini va musulmon olimlarining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini yaqqol namoyon etadi. Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek, Forobiy va boshqa buyuk allomalar merosi orqali bu yerda islom sivilizatsiyasi qanday bilim, tafakkur va kashfiyotlar zamirida shakllanganini ko‘rish mumkin. Men uchun Islom sivilizatsiyasi markazi faqat muzey yoki me’moriy san’at namunasi emas — bu biz asrab-avaylashimiz va unutmasligimiz lozim bo‘lgan sivilizatsiya platformasidir.
ICESCO uchun bunday muhtasham maskanda o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lish katta sharafdir. Bu — merosni asrash, qo‘lyozmalarni saqlash, bilimni kengaytirish va islom sivilizatsiyasining haqiqiy qiyofasini dunyoga namoyon etishga qaratilgan strategik hamkorlikning yorqin ifodasidir. Shu maqsadda men ICESCO va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida qo‘shma qo‘mita tashkil etishni taklif qilaman. U yangi g‘oya va amaliy loyihalarni shakllantirish, shuningdek, ICESCOga a’zo davlatlarni ushbu tashabbuslarga jalb etishga xizmat qiladi.
Bu Markaz — sivilizatsiya nuri, bilimni targ‘ib etuvchi, tinchlik va hamkorlik g‘oyalarini ulug‘lovchi maskandir. Alloh O‘zbekiston Prezidentini, O‘zbekistonni va ushbu Islom sivilizatsiyasi markazini barakotli qilsin.
