
Fikr-mulohazalar
Doktor Muhammad Shahim Ali Said
Maldiv Islom ishlari vaziri
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha birinchi xalqaro forum bugungi zamonaviy tahdidlar yuzasidan olimlar va mutafakkirlarni birlashtirish uchun muhim imkoniyatdir.
Mening fikrimcha, O‘zbekiston islom olamiga yangi namuna ko‘rsatdi. Mamlakat islom sivilizatsiyasini tiklash va uning boy merosini asrab-avaylash borasida muhim qadamlarni amalga oshirmoqda.
Albatta, O‘zbekiston zamini ilm-fan, tafakkur va buyuk allomalar yurtidir. Islom tarixidagi ko‘plab mashhur olimlar va imomlar aynan Movarounnahr zaminida — Buxoro, Termiz va Samarqand kabi shaharlarda yetishib chiqqan. Bu muqaddas zaminlar islom ummatiga beqiyos hissa qo‘shgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston Hukumatiga, o‘zbek xalqiga hamda mazkur forumni yuqori saviyada tashkil etgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
Maldiv Respublikasi va O‘zbekiston islom olamiga mansub davlatlar bo‘lib, har ikkisi ham Islom hamkorlik tashkiloti a’zosidir. Bilishimcha, ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar va sayyohlar Maldiv Respublikasiga dam olish uchun tashrif buyurishadi. Mamlakatimiz turizm sohasida dunyoga mashhur va biz ularni har doim mamnuniyat bilan kutib olamiz.
Biz ham O‘zbekistonga tashrif buyurishni juda istaymiz. O‘zbekiston go‘zal tabiati, boy tarixi va yuksak sivilizatsiyasi bilan ajralib turadi. Inshoalloh, biz Maldiv Respublikasida ham O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilamiz.
Albatta, Maldiv Respublikasi hamisha diniy mutaassiblik, takfirchilik va terrorizmga qarshi qat’iy pozitsiyada bo‘lib kelgan. Men O‘zbekistondagi birodarlarimizga ham islomning mo‘tadillik yo‘lini mahkam tutishni tavsiya qilaman. Bu yo‘l bag‘rikenglik, murosa va dinda haddan oshmaslikka chaqiradi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Sizlarni o‘rta ummat qildik, toki odamlarga guvoh bo‘lgaysizlar», deb marhamat qiladi. Biz ezgulikka, tinchlikka va bag‘rikenglikka chaqiruvchi ummatmiz. Islom — tinchlik dinidir. Biz bir-birimiz bilan uchrashganda ham «Assalomu alaykum» deb salomlashamiz. Bu esa tinchlik, xavfsizlik va omonlik tilagini anglatadi.
Shuning uchun barchamiz musulmon sifatida ekstremizm, diniy mutaassiblik va terrorizmga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim. Terrorizm islom dinida qat’iy taqiqlangan.
