
Fikr-mulohazalar
Mehmet Nuri Ersoy
Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bugun ushbu yurtga tashrif buyurish va, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan mamnunman. Men bu inshoot qurilishi jarayonini 2021 va 2024-yillarda ham ko‘rgan edim. Bugun uning yakunlangan holatini ko‘rib, o‘zbek qardoshlarim uchun juda faxrlandim. Biz Ginnes rekordlar kitobiga kirgan markazlardan biri bo‘lgan, 42 ming kvadrat metr maydonni egallagan ulkan muzey majmuasida turibmiz. Bu yerda ushbu zaminlarda islomdan avvalgi sivilizatsiyalar tarixi, islom dinining kirib kelishi, O‘zbekistonning Birinchi va Ikkinchi Renessansi, shuningdek, Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans g‘oyasi izchil va yaxlit tarzda namoyon etilgan. Markazda mehnat qilgan barcha mutaxassislarni tabriklayman.
Turkiy-islomiy va boshqa islomiy asarlarni asrab-avaylash, ularni keng jamoatchilikka namoyish etish borasida juda muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Biz Turkiyada ham muzeychilik sohasida ko‘plab loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ammo bu yerda zamonaviy muzeychilikning eng so‘nggi texnologiyalari qo‘llanilganiga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonga kelgan har bir kishi albatta tashrif buyurishi va ko‘rishi kerak bo‘lgan maskanlardan biri, deb o‘ylayman. O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz juda mustahkam. Har bir yo‘nalishda fikr almashib, bir-birimizdan o‘rganib kelyapmiz. Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, davlat rahbarlarimiz boshlab bergan yaqin munosabatlar bundan keyin ham izchil davom etishini istayman
