
Azmi Mahfaza
Iordaniya ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri
Taassurotlarim nihoyatda ajoyib! Bu juda go‘zal maskan. Haqiqatan ham, mahobatli va hayratlanarli majmua. Tashrifdan, binoning me’moriy yechimlaridan, umuman, barcha jihatlaridan katta zavq oldim.
Sizlar bizga taqdim etgan tarix sayohati menda katta taassurot qoldirdi. Bu sayohat juda mazmunli va ma’rifiy bo‘ldi. U orqali O‘zbekiston va Iordaniya, shuningdek, mintaqa mamlakatlari, butun islom dunyosi hamda arab davlatlarini bog‘lab turuvchi munosabatlarning naqadar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini his qildim.
Bizni mushtarak tarix birlashtiradi. Biz bir ustozlardan ta’lim olganmiz, bir xil buyuk olimlar merosidan bahramand bo‘lganmiz. Bu esa o‘zaro aloqalarimizni yanada rivojlantirish va mustahkamlash qanchalik muhim ekanini yana bir bor eslatadi.
Shu bois, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishimiz, hamkorligimizga sarmoya kiritishimiz zarur, deb hisoblayman.
Iordaniya Qiroli Hazrati Oliylari Abdulloh II va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Har ikki davlat rahbari o‘z mamlakatlari ravnaqi yo‘lida katta sa’y-harakat qilmoqda. Bizning ushbu tashrifimiz ham ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarimizni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
O‘tgan yili Hazrati Oliylari bilan birgalikda Iordaniyadan delegatsiya kelib, ko‘plab kelishuvlarni imzolagan edi. Kelasi hafta esa O‘zbekiston Prezidenti Iordaniyaga tashrif buyuradi. Biz kelgusida ham hamkorligimizni yanada mustahkamlash va aloqalarimizni kengaytirishga katta umid bog‘laganmiz.
Ushbu markaz O‘zbekiston tarixini yaxlit tarzda namoyon etadi. Bu yerning o‘ziga xos jihati shundaki, u haqiqiy tarix darsi vazifasini bajaradi. Bu juda muhim. Menimcha, har bir mamlakatda shunday maskan bo‘lishi kerak. Tariximiz va dinimizning ramzlarini asrab-avaylash, ularni kelajak avlodlarga yetkazish nihoyatda muhim. Bunday markazlar yosh avlodga milliy g‘urur tuyg‘usini singdirishda katta ahamiyatga ega.

